15:00 / 07.09.2021
6735
Toshkentda Gersen nomidagi Rossiya pedagogika universiteti filiali ochildi

Filialning ochilish marosimiga talaba yoshlar va ularning ota-onalari taklif etildi.

Shahriza Jalolova katta oilaning 3-farzandi. U shu yili Shayxontohur tumanidagi 34-o‘rta maktabni tamomlab, Gersen nomidagi pedagogika universitetining Toshkent filialiga o‘qishga kirdi. Biz Shahriza bilan universitetning ochilish marosimida tanishib qoldik.

«Bolalikdan o‘qituvchilik kasbiga qiziqib o‘sdim, deydi biz bilan suhbatda u. Sababi mening onam 30 yillik malakaga ega mohir pedagog. Onamning maktabga, bolalarga bo‘lgan cheksiz mehri bora-bora menda shu kasbga qiziqish uyg‘otdi. Men har doim onamga taqlid qilganman. Hatto bolalar bilan o‘ynaganimda ham men unga o‘xshashga harakat qilardim. Yurtimizda shunday zamonaviy chet el oliygohi filiali ochilganidan eng avvalo mening onam xursand bo‘ldi, nazarimda.

Gersen nomidagi universitetga o‘qishga kirib nafaqat o‘z qiziqishlarim, balki onamning qachonlardir ushalmay qolgan orzularini amalga oshirayotganimdan quvonyapman.

Bugun tengdosh do‘stlarim bilan biz juda baxtiyormiz. Sababi biz eng nufuzli pedagogika oliygohining ilk talabalarimiz. Men lingvistika fakultetini tanladim. Kelajakda sevimli kasbim orqali bolajonlarga chet tilini o‘rgataman. Bu mening bolalikdagi orzum edi».

Toshkentda Gersen nomidagi Rossiya pedagogika universiteti filiali ochildi. Bayramona kayfiyat hukmron bo‘lgan mazkur tadbirga Shahriza singari talaba yoshlar va ularning ota-onalari ham taklif etildilar.

Yangi o‘quv yili tantanalariga ulanib ketgan mazkur tadbir ikki buyuk davlatning madhiyasi sadolari bilan boshlandi.

Maktabgacha ta'lim vaziri hamda Rossiyaning O‘zbekistondagi muxtor elchisi va elchixona vakillari ishtirok etgan tadbirda ta'lim tizimidagi islohotlarning bugungi ahamiyati borasida gapirildi. Maktabgacha ta'lim tizimidagi yangi g‘oyalarni harakatga keltirishda mazkur universitetning o‘rni alohida e'tirof etildi.

Zamonaviy pedagogikaning eng so‘nggi uslubi tatbiq etiladigan o‘quv metodikasi borasida gapirildi. Chinakam bayram tusini olgan tadbirdan so‘ng talaba yoshlar yangi, so‘nggi rusumdagi jihozlarga ega sinf xonalarida MUSTAQILLIK DARSI saboqlarini tingladilar.

Ushbu o‘quv yilida universitetdan 71 nafar rossiyalik professor o‘qituvchi hamda 8 nafar tajribali pedagog jalb qilingan. Ilmiy salohiyat 92 foizni tashkil etadi. Bu esa talabalarga sifatli ta'lim berishni to‘laqonli ta'minlaydi, deydi biz bilan suhbatda universitet ijrochi direktori professor Qahramon Olimov.

Gersen universitetining Matbuot xizmati

Mavzuga oid
Top