21:57 / 09.09.2021
5233
Boy amerikaliklar bir yilda 163 milliard dollar soliq to‘lamaganligi aniqlandi
Foto: The New York Times

AQSh moliya vazirligi e'lon qilgan hisobotda AQShning bir foiz eng boy odamlari bir yilda 163 mlrd dollar soliq to‘lamagani ma'lum qilindi. The New York Times nashrining yozishicha, bunga qarshi choralar ko‘rilmasa, unda soliq to‘lanmasligidan ko‘riladigan zarar yaqin 10 yil ichida 7 trillion dollarni tashkil etadi.

AQSh prezidenti Jo Bayden ma'muriyati nopok soliq to‘lovchilarga qarshi kurash olib bormoqda. Hukumat bu maqsadda AQSh soliq xizmatiga 80 mlrd dollar ajratmoqchi. Ushbu mablag‘lar davlat g‘aznasiga soliq to‘lamaslikka imkon beruvchi sxemalarni aniqlab, ularga chek qo‘yishda yordam beruvchi xodimlar shtatini kengaytirishga sarflanadi.

Hisobot muallifi Natasha Sarinning ta'kidlashicha, soliq xizmati boy amerikaliklarga nisbatan soliq qonunchiligini tegishli ravishda qo‘llashi uchun minglab varaq murakkab soliq deklaratsiyalarini rasshifrovka qila oladigan professionallarni yollashi lozim.

Biroq respublikachilar partiyasi va biznes-lobbi vakillari bu g‘oyaga shubha bilan qarashmoqda. Ularning fikricha, soliq xizmati vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan choralar fuqarolarning shaxsiy hayotiga daxl qilish hisoblanadi.

Bayden iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 3,5 trln dollarlik choralar paketini qabul qilmoqchi. Ushbu reja boy amerikaliklar va yirik korxonalar uchun soliq qiymatini oshirish hisobiga amalga oshirilmoqchi. Biroq AQShning amaldagi soliq qonunchiligida badavlat odamlarga soliqdan qochish imkonini beruvchi “tuynuklar” mavjud. Ulardan biri hayotni sug‘urtalash xususiy polislari bo‘lib, bunda mijozlar kiritgan mablag‘larga soliq solinmaydi va sug‘urta shartnomasi muddati yakunlangandan keyin yoki sug‘urta holati yuz berganda pullar to‘liq hajmda mijozga qaytariladi.

Top