10:30 / 09.09.2021
3679

ERIELL Group: bolalarga mehr ulashib

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30-yilligiga bag‘ishlangan bayram kunlari ERIELL Group tomonidan Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi Psixofizik rivojlanishi buzilgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan tipdagi bolalar uyida xayriya tadbiri o‘tkazildi. 

Bu yerda 51 nafar bola tarbiyalanib, ularning eng kichigi hali 1 yoshga ham to‘lmagan. Ularning har biri alohida mehr, e'tibor va parvarish, eng asosiysi doimiy tibbiy nazoratga muhtoj. Muassasa direktori To‘xtanazarova Gulnora Maxmadjonovna u haqda so‘zlar ekan, unga «bizning uyimiz», «oilamiz» va «mening bolalarim» deya ta'rif berdi. U «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi» faxriy unvoni bilan taqdirlangan, biroq tarbiyalanuvchilar uni oddiygina qilib - oyijon deb chaqiradi. 

«Bola baribir bola-da. Har bir bola mehr, muhabbat va e'tiborga haqli», – deydi Gulnora Maxmadjonovna.

ERIELL Group bolajonlarning ehtiyojlariga alohida e'tibor bilan munosabatda bo‘ladi, xoh u qimmat davolanish zarurati yoki ularni ixtisoslashgan muassasalarda saqlash sharoitlarini yaxshilash bo‘lsin. O‘zbekiston Respublikasining «Volonterlik faoliyati to‘g‘risidagi» qonunining 4-moddasi va «Xayriya to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq Kompaniyalar guruhi tomonidan Bolalar uyi kapital ta'mirlandi.

«Bolalar uyiga 1962 yilda asos solingan. Yillar o‘tib bino eskirib, yillar davomida ta'mirga muhtoj bo‘lib kelgan, – deydi Qibray tumani Xalq deputatlari kengashi deputati Mirbois Zohidov. – Rekord muddat, ya'ni bir yarim oy davomida ERIELL Group tomonidan 0,6 ga hududda obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Bolalar uchun ikki qavatli yotoqxona korpusi kapital ta'mirlandi, o‘yin xonalari, xizmat binolari, yuvinish xonalari to‘liq yangilandi, mebel, konditsionerlar, oshxona jihozlari va zamonaviy maishiy texnikalar keltirilib, o‘rnatildi. Yangilangan bino bolajonlarimiz va xodimlarimiz uchun birday manzur bo‘lishiga ishonchim komil».

 

Oyna va eshiklar, muhandislik kommunikatsiyalari almashtirildi, binoning tashqi qismi ta'mirlandi, ichki bezak ishlari amalga oshirildi, yong‘inga qarshi tizim va videokuzatuv moslamasi o‘rnatildi. Hudud o‘yin va profilaktika qismlariga ajratildi.

Bolalar uyining ichki hovlisida yangi ayvonlar o‘rnatildi, yo‘lakchalar barpo etildi, chim yotqizildi. Ma'muriy bino ham ta'mirlandi.

Tarbiyalanuvchilarni yangilangan Bolalar uyi binosiga ko‘chirish munosabati bilan tashkil etilgan bayram tadbiri xayriya aksiyasiga hamohang bo‘lib, barchaga xush kayfiyat baxsh etdi. Quvnoq musiqa, pufakchalar shousi va animatorlar ishtirokidagi dastur nafaqat bolalar, balki kattalarga ham haqiqiy zavq-shavq ulashdi. Tug‘ilganidan boshlab misli ko‘rilmagan qiyinchiliklarga duch kelgan va butun hayoti davomida tug‘ma nuqsonlar bilan kurashishga majbur bolalarning mehmonlar tashrifidan boshi osmonga yetdi, ularning shodon kulgisi atrofni munavvar qildi. Sovg‘alar, jumladan ERIELL Group tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan shercha Leo haqidagi qiziqarli kitobcha ham bolalarning samimiy quvonchiga sabab bo‘ldi.

Tadbir ishtirokchilari uchun mevalar va shirinliklardan iborat furshet tashkil etildi, bayram palovi tayyorlandi.

«Bolalar uyi qaramog‘idagi har bir bola biz uchun o‘z farzandimizdek qadrli. Biz ularning har biri uchun shaxsan javobgarmiz. Tarbiyalanuvchilar ham boshqa xodimlar singari tarbiyalanuvchilarga xuddi o‘z farzandidek munosabatda, ulardan mehr va muhabbatini darig‘ tutmaydi, axir ular taqdir hukmi bilan bundan hayotining ilk kunlaridan boshlab mahrum bo‘lgan. Jamoamiz nomidan ERIELL Group’ga muassasamizni obodonlashtirish ishlariga qo‘shgan ulkan hissasi uchun minnatdorlik bildiraman. Mehribonlik, ezgulik, g‘amxo‘rlik va o‘zgalar dardiga sherik bo‘lish hayotdagi eng muhim fazilatlardan», – dedi Gulnora Maxmadjanovna.

APLA jamoat birlashmasi, Toshkent viloyati ixtisoslashgan bolalar uyi, «Mehribonlik» ijtimoiy ko‘mak jamiyati, Respublika ixtisoslashgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi ustidan patronajni amalga oshiruvchi ERIELL Group «Ezgulik ulash» loyihasi doirasidagi xayriya tadbirlarini davom ettiradi.

ERIELL Group Matbuot xizmati Ⓣ

 
Mavzuga oid
Top