11:01 / 09.09.2021
11966

«Har qanday islohot quruq raqamlarda emas, balki aholi dasturxoni va ro‘zg‘orida o‘z aksini topishi zarur» – Prezident

Har qanday islohot quruq raqamlarda emas, balki, eng avvalo, aholining kundalik hayotida, uning dasturxoni va ro‘zg‘orida o‘z aksini topishi zarur. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi qurultoyida ma'lum qildi.

“Bu – hayotiy haqiqat. Barcha orzu-niyatlarimiz, mashaqqatli mehnatimiz, kechani–kecha, kunduzni–kunduz demasdan amalga oshirayotgan sa'y-harakatlarimiz – hamma-hammasi bizga katta umid va ishonch bilan qarab turgan xalqimiz uchundir. 

Biz ushbu yo‘nalishdagi ezgu ishlarimizni davom ettirib, ijtimoiy adolat tamoyili asosidagi barqaror rivojlanish dasturini ishlab chiqdik va mazkur sohadagi faoliyatimizni davlat siyosati darajasiga ko‘tardik. 

O‘zbekiston tarixida ijtimoiy soha bo‘yicha bunday keng ko‘lamli ishlar ilgari hech qachon bo‘lmagan.

Yurtimizda yashayotgan oilalar hayotini shu nuqtayi nazardan tahlil qiladigan bo‘lsak, o‘tgan davrda qanday katta natijalarga erishganimiz ayon bo‘ladi.

Misol uchun, hozirgi vaqtda O‘zbekistondagi har 100ta oilaga 162ta televizor, 107ta xolodilnik, 287ta mobil telefon, 49ta yengil avtomobil to‘g‘ri kelmoqda. Boshqacha aytganda, mamlakatimizdagi oilalarning qariyb yarmi o‘zining shaxsiy avtomobiliga ega.

Yoki so‘nggi yillarda yurtimizda ipoteka dasturlari doirasida 140 mingdan ortiq uy-joylar barpo etildi. Bu raqamni oldingi yillarga solishtirganda, 10 martadan ham ko‘p demakdir.

Samarali va aniq manzilli ijtimoiy siyosatni joriy etishda: aholini arzon uy-joylar bilan ta'minlash; uzluksiz ta'lim va tarbiya sohasida yangi tizim yaratish; ilm-fanni zamon talablari asosida rivojlantirish; aholining barcha qatlamlariga, xususan, nuroniylar, xotin-qizlar, yoshlar va imkoniyati cheklangan, yordamga muhtoj shaxslarga zarur ko‘mak berish borasida amalga oshirgan ishlarimiz el-yurtimizga yaxshi ma'lum.

Men bugun bu borada batafsil gapirish, qandaydir raqamlarni keltirish fikridan yiroqman”, dedi davlat rahbari.

Mavzu
Saylov-2021
Saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra saylovlar oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilandi. 2021 yilgi prezidentlik saylovi 24 oktyabrga to‘g‘ri kelmoqda.
Barchasi
Top