19:19 / 09.09.2021
24654

“Hozirgi maktab ta'limi meni mutlaqo qoniqtirmaydi” - prezident

Keyingi besh yilda bog‘cha, maktab va oliygohlarda qanday o‘zgarishlar bo‘ladi? Prezident Shavkat Mirziyoyev saylov oldidan, 9 sentyabr kuni O‘zLiDeP sezdidagi chiqishida ta'lim sohasida kutilayotgan asosiy yangiliklarni sanab o‘tdi.

Birinchidan, maktabgacha ta'limdagi qamrov darajasi hozirgi 62 foizdan kamida 80 foizga yetkaziladi. Buning uchun qo‘shimcha ravishda, 7 mingdan ziyod yangi bog‘cha tashkil etiladi.

Shuningdek, 2024 yil yakuniga qadar 6 yoshli bolalar maktabgacha tayyorlov tizimi bilan to‘liq qamrab olinadi. Ana shu tadbirlar hisobidan kelgusi besh yilda tizimda 45 mingdan ortiq xotin-qizlar uchun qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi.

Bog‘cha tizimi xodimlarining oylik maoshlari ham, bosqichma-bosqich oshirib boriladi.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsadimiz – yetti yoshgacha bo‘lgan birorta ham farzandimiz, maktabga chiqqunga qadar e'tiborsiz va bilimsiz qolmasligi kerak.

Ikkinchidan, maktab ta'limi tizimi uchun o‘quv dasturlari va darsliklar ilg‘or xorijiy tajriba asosida to‘la qayta ishlanib, 2026 yilga qadar amalda joriy etiladi.

O‘qituvchilarning mashaqqatli mehnatini munosib qadrlash borasidagi ishlar davom ettiriladi.

Bolalar soni o‘sib borayotganini inobatga olib, yangi maktablar qurish, xususiy maktablarni ko‘paytirish, ta'lim sifatini oshirishni nazarda tutuvchi Maktablarni rivojlantirish davlat dasturi ishlab chiqiladi.

Ochig‘i, bu yerda hali ko‘p narsani aytmayapman. Agar ta'limda eng og‘iri nima desalaring, maktab deyman. Maktab, maktab, yana bir marta maktab!

Men qishloqdagi ahvolni o‘zim bilaman. Hozirgi maktab ta'limi, darsliklar, maktablardagi sharoitlar meni mutlaqo qoniqtirmaydi. Qani endi iqtisodiyotimiz bardavom bo‘lganda, birinchi navbatda maktabga juda katta mablag‘ tashlar edim. Ming afsus...

Maktablar bo‘yicha alohida dastur chiqadi. Agar maktab mukammal bo‘lsa, o‘qituvchi rozi bo‘lsa, men atganimdek ming dollarlik maoshga yetsak, o‘shanda jamiyatimiz o‘zgaradi, o‘shanda partiyamizning ham, hamma rejalarimizning ham natijalari mutlaqo boshqacha bo‘ladi. Men bunga ishonaman.

Shuning uchun kelgusi yillarda eng katta harakatimiz – maktab, maktab, yana bir marta maktab. Agar maktabni rivojlantirsak, hamma soha bo‘yicha rivojlanish bo‘ladi.

Kelgusi besh yilda qo‘shimcha 1,2 million o‘quvchi o‘rni yaratish uchun, maktablar rekonstruksiya qilinadi va yangidan barpo etiladi.

Uchinchidan, oliy ta'limga qamrov darajasini 50 foizga yetkazish bilan birga, asosiy e'tibor ta'lim sifatini oshirishga qaratiladi.

2026 yilga qadar 10 ta oliygoh nufuzli xalqaro reytinglar olishga erishadi.

Shuningdek, davlat oliygohlari bosqichma-bosqich mehnatga haq to‘lash, xodimlar soni, to‘lov kontrakt miqdori va ta'lim shaklini mustaqil belgilaydi.

Ularning moliyaviy barqarorligini oshirish maqsadida, ijtimoiy soliq stavkasi amaldagi 25 foizdan 12 foizga tushiriladi, bo‘shagan mablag‘lar ta'lim muassasalarini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

Xususiy oliygohlarda ta'lim olayotgan talabalarga ham, 7 yillik ta'lim kreditini olish tartibi joriy etiladi.

Talabalarning yashash sharoitini yaxshilash uchun, kelgusi besh yilda qariyb 100 ming o‘rinli talabalar yotoqxonalari barpo etiladi.

Oliy ta'limda sifat va raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida, 2026 yilgacha xususiy oliygohlar soni kamida 50 taga yetkaziladi.

Zamonaviy, erkin va ijodiy fikrlaydigan yoshlar uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirish maqsadida “El-yurt umidi jamg‘armasi” orqali, ularni nufuzli xorijiy oliygohlardagi bakalavriat, magistratura va doktoranturaga yuborish ko‘lami 2 martaga oshiriladi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzu
Saylov-2021
Saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra saylovlar oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilandi. 2021 yilgi prezidentlik saylovi 24 oktyabrga to‘g‘ri kelmoqda.
Barchasi
Top