17:39 / 09.09.2021
5926

“Insayderi kimligini ham bilaman” - Erkinjon Turdimov Ismat Xushevning tanqidlari haqida

Shu kunlarda Samarqandda AQSh Global media agentligi tashabbusi bilan korrupsiya bo‘yicha jurnalist surishtiruvi va faktcheking mavzusida trening o‘tkazilmoqda. Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov seminar ishtirokchilari bilan uchrashuvda jurnalistlarning savollariga javob berdi.

Kanadada yashayotgan o‘zbekistonlik Ismat Xushev joriy yilning fevral oyida “Turdimov mafiyasi”dan bir shingil” sarlavhali maqolalar e'lon qilgandi. Unda Samarqand viloyati hokimi tizimli jinoyatlar sodir etib kelayotgani, viloyatda korrupsiya avj olgani haqida ko‘plab vajlar keltirilgan. Qizig‘i, avgust oyining boshlarida Xushev Samarqandga keldi va viloyat hokimi hududda katta o‘zgarishlar qilayotgani haqida qator xabarlar e'lon qildi.

Turdimov Xushevning fevral oyida e'lon qilgan maqolalarida asos yo‘q bo‘lsa, nega uni sudga bermagani to‘g‘risidagi savolga javob berdi.

“Ismat Xushev e'lon qilgan maqoladan xabar topganimda shifoxonada edim. Men aytdim, hatto urush vaqtidayam dushmanlar shifoxonaga bomba otmagan. Ayrim odamlar o‘sha fashistlardan ham o‘tib shifoxonaga bomba otdi. Ana shu bitta javobim bo‘ldi, omon bo‘lsin. Ismat akadan xafa joyim yo‘q. Tanqid qilaverganlardan xafa bo‘laversam, hokim bo‘lib nima qilaman?!

Ismat akani sudga berib nima obro‘ topaman? Men o‘zimga ep bilmadim. Sudga boshqalar bersin. U kishiniyam yaxshi taraflari bor. U kishigayam kimdir noto‘g‘ri axborot yetkazgan. Insayderi ahmoqroq odam. Insayderining kim ekanini yaxshi bilaman. Rahbar odam gapning ketidan quvib yurishi ham yaxshi emas aslida”, – dedi Turdimov.

Ismat Xushev

Viloyat hokimi “Tizimli muammolarni hal etishda OAVga tayanasizmi?” degan savolga ham javob berdi.

“Odatda e'lon qilingan tanqidiy maqolalarni to‘g‘ri qabul qilamiz. Ular haq bo‘lishsa, xatomizni to‘g‘rilab qo‘ygan vaqtimiz bo‘lgan. Asossiz yozishsa, o‘zlariga faktlar bilan tushuntirib berganmiz. O‘tish davrida xatolar bo‘lib turadi, buning uchun tanqid qilinganda raddiya bildiraversak, boshimiz tanqiddan chiqmay qoladi. Noto‘g‘ri deb qarshi chiqaveradigan bo‘lsak, katta-katta saytlar bor, nomlarini keltirmayman, keyin ular meni uch-to‘rt marta qayta-qayta tanqid qilishadi. Keyin fuqarolar oldida, samarqandliklar oldida, rahbariyatim oldida, deputatlar oldida ahvolim tang bo‘lib qoladi”, – deya Erkinjon Turdimovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top