23:25 / 09.09.2021
3962
Navoiyda o‘zaro janjallashgan ikki qishloq “tillachilari” profilaktika inspektorining mashinasini yaroqsiz holga keltirishdi
Foto: KUN.UZ

Xatirchi tumanining Oltinsoy va Chilash qishlog‘ida noqonuniy oltin qazib olish bilan shug‘ullanuvchi “tillachilar” kon talashib, o‘zaro janjallashib qolishdi. Kelishmovchilik ikki guruh bir-birini toshbo‘ron qilishgacha borgan. Bu haqda Navoiy viloyati IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, fuqarolar Shohruh Ibragimov va Mirzohid Murodov kon talashib, mushtlashgan. Bundan xabar topgan profilaktika katta inspektori N.Rahmonov voqea joyiga yetib borgan. Tushuntirish ishlari olib borilishiga qaramay, ular bir-birini haqoratlab, ikki qishloq fuqarolarining janjali kutilayotganiga ishora qilgan. Profilaktika inspektori bu haqda rahbariyatga xabar bergan.

Oltinsoy qishlog‘ida yashovchi 33 nafar va Chilash qishlog‘ida yashovchi 20 nafarga yaqin fuqaro janjal qilish maqsadida qo‘llariga tosh va tayoqlar olib, to‘plana boshlagan. Ular ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan, bir-birlariga hamda xodimlarning avtomashinasiga tosh otib, N.Raxmonovga tegishli bo‘lgan “Matiz” mashinasini yaroqsiz holga keltirishadi.

Tuman IIB tergov tezkor guruhi va tuman IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, podpolkovnik A.Radjabov boshchiligida 20 nafar xodim voqea joyiga yetib kelishgan hamda janjalni bartaraf qilishga erishishgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Xatirchi tuman sudi tomonidan huquqbuzarlik sodir etgan 26 nafar fuqaroga 15 sutka, 2 nafar fuqaroga esa 10 sutka ma'muriy qamoq jazosi belgilangan.

Oldinroq Xatirchi tumanining Oqtepa mahallasida tashlandiq kondan oltin qazib olayotgan 4 nafar yigit chiqindi gazdan bo‘g‘ilib, vafot etgandi.

Top