12:21 / 09.09.2021
6179

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev xorijning nufuzli oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirgan yosh xodimlar bilan uchrashdi

Mamlakatimizda yoshlarga e'tibor masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan bo‘lib, ertamiz egalari o‘zlarining qiziqishlari bo‘yicha har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bu borada “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev tomonidan ham neft va gaz sohasida faoliyat olib borayotgan yoshlarga katta e'tibor qaratilmoqda.

Joriy o‘quv yilida aksiyadorlik jamiyatida faoliyat olib borayotgan bir guruh yoshlar Londonning Qirolicha Mariya va Brunel universitetlari hamda XALT Xalqaro biznes maktabiga, Germaniyaning Saarland universiteti, AQShning Florida shtati universitetlarining magistraturasiga qabul qilindi.

Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev xorijiy davlatlarning nufuzli oliy o‘quv yurtlarida tahsil olish imkoniga ega bo‘lgan bir guruh yosh xodimlar bilan uchrashdi va ularni kelajakda yetuk mutaxassis kadrlar bo‘lib, neft va gaz sohasiga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shishlariga ishonch bildirdi.

Boshqaruv raisi topshirig‘i bilan aksiyadorlik jamiyati tomonidan ushbu yoshlarning kontrakt pullari to‘lab beriladi va turar joy uchun mablag‘ ajratiladi. Shuningdek, har yili yosh kadrlar magistrlik darajasini olish uchun xorijiy davlatlarga o‘qishga yuboriladi.

Uchrashuv chog‘ida Mehriddin Abdullayev yoshlarga chet elda yurtimiz va “O‘zbekneftgaz” AJ mavqeyini yanada ko‘tarish, Jamiyat brendini dunyoga tanitish kabi mas'uliyatlari ham borligini eslatib qo‘ydi.

Shuningdek, yoshlarga maqsadlariga erishishlari uchun o‘z ustida tinimsiz ishlashlarini maslahat berdi.

Yoshlar esa o‘zlariga yaratib berilgan imkoniyatlar uchun Boshqaruv raisiga minnatdorlik bildirishdi. Berilgan imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanishib, Jamiyat rivoji uchun o‘z hissalarini qo‘shish va eng asosiysi bildirilgan ishonchni oqlashga va'da berishdi.

Uchrashuv yakunida Mehriddin Abdullayev tomonidan yoshlarga esdalik sovg‘alar topshirildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Top