12:33 / 09.09.2021
10241
Prezident davlat xizmatchilarini qanday o‘zgarishlar kutayotganini ma'lum qildi

O‘zbekistonda kelgusi besh yilda davlat idoralarining shtatlarini oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ma'lum qildi.

“Barcha bo‘g‘indagi ijro idoralari rahbarlari – xoh u vazir bo‘lsin, xoh qo‘mita raisi, bir yillik ish dasturi va amalga oshiradigan loyihalarini jamoatchilikka ochiq e'lon qilib boradi.

Kelgusi besh yilda davlat idoralarining shtatlarini oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Aksincha, raqamlashtirish va qator funksiyalarni xususiy sektorga berish hisobiga shtatlar qisqartirib boriladi.

Qator vazirlik, idora va xo‘jalik birlashmalari hamda mahalliy ijro hokimiyati organlari faoliyati islohotlarimiz talablaridan kelib chiqib, tanqidiy qayta ko‘rib chiqiladi.

Zamonaviy davlat xizmatini joriy qilishga ustuvor ahamiyat beriladi. Xususan, elektron davlat xizmatlarining ulushi 100 foizga yetkaziladi. Jumladan, 700 dan ortiq davlat xizmatlarining 100 tasi xususiy sektorga o‘tkaziladi.  

Bundan buyon, davlat xizmatiga kadrlar qoida tariqasida tanlov asosida qabul qilinadi. Davlat xizmatchilari uchun uzluksiz malaka oshirish, natijadorlikni baholash va lavozim bo‘yicha ko‘tarilish mezonlari belgilanadi. Ish vaqti, mehnat me'yorlari bo‘yicha talablar ham qayta ko‘rib chiqiladi”, dedi prezident.

Mavzu
Saylov-2021
Saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra saylovlar oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilandi. 2021 yilgi prezidentlik saylovi 24 oktyabrga to‘g‘ri kelmoqda.
Barchasi
Top