13:41 / 09.09.2021
649
Qarshida o‘tgan yil qurilishi to‘xtatilgan flagshtok mablag‘ bo‘lishi bilan tiklanishi ma'lum qilindi

O‘tgan yil Qarshi shahrida ulkan bayroq o‘rnatish uchun qurilish ishlari boshlangan va biroz o‘tib to‘xtatilgandi. Ijtimoiy tarmoqlarda bayroq ustunini o‘rnatish ishlari boshlangani haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat hokimligi axborot xizmati holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Munosabatda ma'lum qilinishicha, viloyat hokimi tashabbusi bilan Amfiteatr yonidagi bayroq o‘rnatish ishlari to‘xtatilib, unga ajratilgan 1,35 milliard so‘m mablag‘ mablag‘ Qarshi shahridagi 136-sonli Qarshi shahridagi oilaviy yotoqxona ta'mirlanishiga yo‘naltirilgan. Mustaqillik bayrami arafasida qayta ta'mirlangan ushbu yotoqxonaning tantanali ochilishi bo‘lib o‘tgan.

Ayni paytda Amfiteatr yonidagi bayroq o‘rnatish ishlari to‘xtatilgan bo‘lib, mustaqillik bayrami arafasida atrofi bannerlar bilan o‘ralgan. Ikki kun oldin kuchli shamol tufayli ushbu bannerlarga zarar yetgan. Hozirda bu yerda yuqorida aytilganidek qurilish ishlari emas, bannerlarni tiklash va o‘rnatish ishlari ketayotgani aniqlangan.

«Ma'lumot uchun, asosli mablag‘lar ajratilganda ushbu boshlangan bayroq o‘rnatilishi ishlari davom ettiriladi. Ya'ni Vatanimiz bayrog‘ini o‘rnatish ishlari butunlay to‘xtatildi, degan fikrdan yiroqmiz», deyiladi munosabatda.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilda Qarshi shahrida ulkan bayroq o‘rnatish ishlari boshlangandi. O‘shanda ulkan bayroq uchun 1,35 milliard so‘m sarflanishi jamoatchilik tomonidan tanqidiy qarshi olingan. Shundan so‘ng viloyat hokimi Zoyir Mirzayev 1,35 milliard so‘mga bayroq o‘rnatilmasligini, bu mablag‘ Qarshi shahridagi xaroba ahvolda bo‘lgan 136-sonli oilaviy yotoqxonani ta'mirlash uchun sarflanishini ma'lum qilgandi.

Top