13:21 / 09.09.2021
4244
Shavkat Mirziyoyev: «Men uchun xalqimga xizmat qilishdan muhimroq vazifa yo‘q» 

O‘zLiDep partiyasi tomonidan prezidentlikka nomzod sifatida ilgari surilayotgan Shavkat Miromonovich Mirziyoyev o‘z hayotining mazmuni O‘zbekiston xalqiga xizmat qilish ekanligini bildirdi.

“Xalq ishonchi qanday buyuk qudrat va ilhom manbai ekanini, o‘tgan yillar davomida barchamiz chin yurakdan his etib kelmoqdamiz, desam, o‘ylaymanki, sizlar ham bu fikrga qo‘shilasiz.

Aynan ana shu buyuk ishonch eng qiyin damlarda bizga umid va madad berdi, vujudimizga – kuch, ruhimizga qanot bag‘ishladi. 

Ana shu yuksak ishonchga munosib bo‘lish, xalqimiz, Vatanimiz manfaatlari hamda uning baxt-saodati yo‘lida, bor kuch-g‘ayratim, bilim va salohiyatimni safarbar etish, men uchun hamisha hayotimning mazmuni bo‘lib kelgan va bundan keyin ham, hamisha shunday bo‘lib qoladi. 

Men uchun bundan ulug‘ baxt,  bundan buyuk sharaf va mas'uliyat yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas.

Ona xalqim bilan birga Yangi O‘zbekistonni qurish, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulkan baxt nasib etgani uchun, Yaratganga cheksiz shukronalar aytaman.

Bu yo‘lda oliyjanob xalqimiz bilan, har qanday sinov va mashaqqatlarni yengib o‘tishga tayyorman.

Jonajon Vatanimiz o‘z taraqqiyotining hal qiluvchi bosqichiga qadam qo‘yayotgan mana shu tarixiy damlarda, ko‘pmillatli xalqimizga murojaat qilib aytmoqchiman: sizlar bilan birga, qancha murakkab marra va dovonlardan o‘tdik. 

Ammo hech qachon yarim yo‘lda to‘xtab qolmadik. Ba'zan toliqqan va charchagan paytlarimiz ham bo‘ldi. Lekin hech qachon tushkunlikka tushmadik. Kelajakka, yorug‘ kunlarga ishonchimizni aslo yo‘qotmadik.

Men uchun xalqimga xizmat qilishdan muhimroq vazifa yo‘q. Men shu xalqimdan kuch olaman. Fuqarolarimiz muammolarini aytishganida, bundan-da og‘ir muammolar borligini bilaman va yechishga harakat qilaman.
Chunki, hamisha kuch-quvvat beradigan, bolam, deb bag‘riga bosadigan xalqimiz bor, betakror Vatanimiz bor. Bu gaplar ma'ruza emas – hayotim mazmuni!

Endi men ham 5 yil oldingi prezident emasman, sizlar ham 5 yil oldingi delegatlar emassizlar. Dunyo o‘zgaryapti, biz ham o‘zgaryapmiz, tajriba orttiryapmiz. Bu o‘zgarishlar oddiy o‘zgarishlar emas. Hali bu kunlarimiz tariximizga shonli harflar bilan bitiladi”, – dedi prezident o‘z nutqida.

Mavzu
Saylov-2021
Saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra saylovlar oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilandi. 2021 yilgi prezidentlik saylovi 24 oktyabrga to‘g‘ri kelmoqda.
Barchasi
Top