16:28 / 09.09.2021
5748
Ta'lim-tarbiya – barcha islohotlar zanjirining eng muhim halqasi

Xalqimiz azaldan ilmli, ma'rifatli kishilarni qadrlagan, ilm ahlini har tomonlama qo‘llab-quvvatlagan. Shundan bo‘lsa kerak, xalq orasida “Bilagi zo‘r birni yiqar, bilimi zo‘r mingni” degan naql keng tarqalgan. Shuning uchun ham muqaddas dinimizda ilm-ma'rifat doimo ulug‘lanib kelgan. Imom Buxoriyning “Al-jome' as-Sahih” kitobida “Dunyoda ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lmagay” deb ilmga urg‘u berib o‘tganligi bejiz emas.

Prezident Shavkat Mirziyoyev barcha ma'ruzalarida ilm-fan, innovatsiya, shijoat va tashabbuskorlik xususida takror va takror ta'kidlaydi. Darvoqe, ta'lim-tarbiya uzluksiz jarayon bo‘lib, ushbu jarayonda hech qachon tanaffus bo‘lmaydi. Va shu o‘rinda ta'lim va tarbiya yuksak mas'uliyat talab etadigan jarayondir. Shuning uchun ham ta'lim va tarbiya ijtimoiy islohotlar zanjiridagi eng muhim halqa hisoblanadi.

 

Bugungi davr talablariga mos ravishda har tomonlama barkamol, mustaqil fikrlaydigan, mamlakat istiqboli uchun mas'uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir, tashabbuskor, xalq manfaati yo‘lida bor salohiyatini safarbar qiladigan, shijoatli yoshlarni tarbiyalash, ularning intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun mustahkam huquqiy poydevor yaratdi – deyiladi 2017 yil qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmonida.

Keyingi besh yilda davlat rahbarining aholini, qolaversa, yoshlarni ilm-fanga chuqur yo‘naltirishga qaratilgan tashabbuslari samarasi o‘laroq yurtimizda maktabgacha ta'lim muassasalari, umumta'lim maktablari hamda oliy ta'lim tizimida hamda ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatida “portlash effekti” darajasi yuz berayotganini kuzatish mumkin. Yoshlar orasida kitobxonlikni keng targ‘ib etish, kompyuter savodxonligi, kasb-hunar egallashga qaratilgan yangicha yondashuv, o‘z bilim va ko‘nikmalarini xalqaro maydonda munosib namoyish etishga qodir farzandlarimiz kun sayin ko‘payayotgani har qanday vatanparvar kishining qalbida iftixor tuyg‘ularini uyg‘otmasdan qolmaydi.

Bugun nafaqat yoshlar, butun boshli aholi globallashuvning shiddatli davrini o‘z boshidan kechirmoqdaki, bunday tahlikali davrda millat, mamlakat, genofond, kerak bo‘lsa, ma'naviyat xavfsizligi borasida har bir fuqarodan yuksak mas'uliyat talab etiladi. Ayni damda mamlakatimizda yosh avlod tarbiyasi, ularni barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetkazish masalasi davlat siyosati darajasidagi eng muhim masalalardan biri sifatida qaralayotgani mamlakatimizning dunyo miqyosidagi xalqaro ko‘rsatkichlardagi mavqeyini yanada ko‘tarilishiga turtki bo‘lmoqda.

Mamlakatimizda ilm-fan rivojiga qaratilayotgan e'tiborning quyidagi natijalarini ko‘rsatib o‘tish joiz:

birinchidan, yoshlarni qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimi yaratildi;

ikkinchidan, 3 yoshdan yetti yoshgacha bo‘lgan bolalarni bog‘chalarga qamrab olish darajasi bosqichma-bosqich oshirib borilmoqda;

uchinchidan, umumta'lim maktablarining o‘qitish tizimidagi samaradorlikni oshirishga qaratilgan islohotlar, jamiyatda maktab o‘qituvchilari mavqeyini ko‘tarishga qaratilgan islohotlar, iqtidorli bolalar uchun maxsus fanlarga ixtisoslashtirilgan maktablarning ko‘payayotganligi, maktablardagi shart-sharoitlar eng ilg‘or mamlakatlar maktablaridan qolishmasligi, bilimga chanqoq yoshlarning soni kun sayin oshib borayotgani;

to‘rtinchidan, oliy ta'limda universitetlarga qabul kvotalari oshirildi, mahalliy va xorijiy OTMlar filiallari ochilayotgani, qabul jarayonlaridagi abituriyentlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar, ta'lim tizimini korrupsiyasiz sohaga aylantirishga qaratilgan islohotlar;

beshinchidan, innovatsion grantlarga ajratilayotgan mablag‘larning keskin oshirilishi, yosh olimlarni xorijning yetakchi OTMlariga ilmiy tadqiqot ishlarini davom ettirishga qaratilgan islohotlar.

Mazkur islohotlar ta'kidini yana uzoq davom ettirish mumkin. Binobarin, mazkur islohotlar o‘z samarasini bermoqda va istiqbolda ham beradi, deb aytishga to‘la asoslar bor.

Shu yilning 9 sentabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishtirokida O‘zLiDeP Qurultoyi o‘tkazildi. Unda davlat rahbari “Yangi O‘zbekiston – inson qadri ustuvor bo‘lgan jamiyat va xalqparvar davlatdir” mavzuida nutq so‘zladi. Prezident ta'lim sohasida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan islohotlarga ham alohida e'tibor qaratib, o‘sib kelayotgan yosh avlod ta'lim-tarbiyasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qolishiga alohida urg‘u berib o‘tdi. Unga ko‘ra kelgusida maktabgacha ta'lim muassasalariga bolalarimizni qamrab olish darajasi 80 foizga oshirilishi, yana yangidan 7000 ta bog‘cha tashkil etilishi ta'kidlandi. “Bundan ko‘zlangan asosiy maqsadimiz, – dedi davlat rahbari, - yetti yoshgacha bo‘lgan birorta ham farzandimiz, maktabga chiqqunga qadar e'tiborsiz va bilimsiz qolmasligi kerak”. Shu bilan bir qatorda kelgusi besh yilda qo‘shimcha 1,2 million o‘quvchi o‘rni yaratish uchun maktablarni rekonstruksiya qilish va yangidan barpo etish nazarda tutilmoqda.

Gap modomiki ta'lim haqida borar ekan, shuni ta'kidlash joizki, mamlakatimizda xususiy OTMlar sonini 2026 yilga qadar yana 50 taga yetkazish ko‘zda tutildi. Shuningdek, OTMlarga qabul kvotalarning oshirilishi talabalar turar joyiga bo‘lgan ehtiyojni kuchaytiradi. Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari kelgusida 100 ming talabaga mo‘ljallangan yotoqxonalar barpo etilishini ta'kidlab o‘tdi.

Xulosa o‘rnida shuni alohida aytish mumkinki, mamlakatimiz ilm-fanni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha dunyo reytingida munosib o‘rin egallashni tobora qat'iy ta'minlab bormoqda. Vatanimizni — xalqaro ekspertlar fikricha, “Bugun O‘zbekiston kompleks islohotlar o‘lkasi, bunyodkorlik jo‘sh urgan diyor” degan xulosalari kishini quvontiradi. Zero, ilmga, fan rivojiga yaratilayotgan imkoniyatlar hech shubhasiz, ma'rifatga keng yo‘l ochadi. Jamiyatning ilmli, ma'rifatli jamiyat bo‘lishi yo‘lidagi islohotlar esa o‘z o‘rnida mamlakat yuksak taraqqiyotga erishishida asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi.

Jumaniyoz Ramatov,

Toshkent davlat transport universiteti professori (T)

Mavzuga oid
Top