19:56 / 10.09.2021
11198
Butkul tanazzulga uchrashning oldini olish uchun Afg‘onistonga pul kerak – BMT

BMTning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Debora Layonsning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistonning milliardlab dollarlik davlat zaxiralarining muzlatib qo‘yilishi jiddiy iqtisodiy inqirozga olib keladi. 

Foto: Altaf Qadri/AP

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Afg‘oniston butkul tanazzulga uchrash xavfi ostida ekanligidan ogohlantirdi, deb xabar berdi Reuters.

BMTning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Debora Layonsning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistonning milliardlab dollarlik davlat zaxiralarining muzlatib qo‘yilishi jiddiy iqtisodiy inqirozga olib keladi. 

Uning aytishicha, iqtisodiyot va ijtimoiy tartib butunlay tanazzulga uchrashining oldini olish uchun mamlakatga pul yetkazilishining yo‘lini topish hamda toliblar bu pullarni suiiste'mol qilmasligi kafolatini ta'minlash kerak.

15 avgust kuni Qo‘shma Shtatlar Afg‘oniston markaziy bankining AQShda saqlanayotgan aktivlarini muzlatib qo‘ygandi. Xalqaro valuta jamg‘armasi ma'lumotlariga ko‘ra, aprel oxirida Afg‘oniston markaziy bankining valuta zaxiralari 9,4 mlrd dollarni tashkil etgan.

8 sentyabrda “Tolibon” harakati AQSh hukumatiga Amerika tomonidan muzlatib qo‘yilgan Afg‘oniston davlat zaxiralarining mamlakat yangi hukumatiga berilishini so‘rab murojaat qildi

Sentyabr boshlarida Afg‘oniston markaziy banki ham AQShga ana shunday so‘rov bilan murojaat qilgan, ammo Reuters agentligining ma'lumot berishicha, AQSh mablag‘larni berishni rad etgan.

Mavzu
AQShning Afg‘onistondan ketishi
AQSh Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy kampaniyasini tamomlamoqda. Toliblar esa mamlakat hududlarini birin-ketin egallab olmoqda.
Barchasi
Top