10:31 / 10.09.2021
15109
Jizzaxda 6 yoshli bola yo‘l tekislaydigan maxsus texnika ostida qolib halok bo‘ldi

Jizzax viloyati Paxtakor tumanida 6 yoshli bola asfalt yotqizishda ishlatiladigan maxsus texnika ostida qolib halok bo‘lgan. Bu haqda viloyat YHXB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil 7 sentabr kuni 17:10 da Paxtakor tumani Bog‘ishamol qishlog‘ida yo‘l tekislaydigan maxsus texnika 6 yoshli bolani bosib ketgan. Oqibatda bola voqea joyida vafot etgan.

Hodisa yuzasidan o‘tkazilgan dastlabki surishtiruvda aniqlanishicha, kattalar tomonidan qarovsiz qoldirilgan bola velosipedi bilan mahalla hududida yo‘l tekislaydigan maxsus texnikaning orqa tomoniga yaqinlashgan. Haydovchi uni ko‘rmasdan orqaga qarab harakatlangan paytida bola texnika bilan to‘qnashib, yiqilgan va uning ostida qolib ketgan.

Qayd etilishicha, mazkur hodisaning ro‘y berishiga haydovchining e'tiborsizligi, ish jarayonida texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilmagani sabab bo‘lgan. Shuningdek, maxsus texnika atrofida haydovchini ogohlantirib turishi kerak bo‘lgan yordamchi ishchilar ham bo‘lmagan.

Ta'kidlanishicha, hodisa yuzasidan maxsus texnika tegishli bo‘lgan korxona rahbariga Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 147-moddasi (Yo‘llarga, yo‘l inshootlariga, yo‘l harakatini tartibga solib turuvchi texnik vositalarga shikast yetkazish, ularni saqlash qoidalarini buzish) bilan ma'muriy bayonnoma tuzilgan.

Top