22:27 / 10.09.2021
11026
Shavkat Mirziyoyev: “Birorta maktab “Bir million dasturchi” loyihasidan chetda qolmasligi kerak”

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 10 sentabr kuni axborot texnologiyalari sohasida salohiyatli kadrlar tayyorlash va iqtidorli yoshlar bilan tizimli ishlash masalalari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda ta'kidlanishicha, raqamli iqtisodiyot mamlakat taraqqiyotining asoslaridan biri sifatida belgilangan. Shu maqsadda “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish boshlandi. Jumladan, uning doirasida hududlarda 89 ta, tarmoqlarda 200 dan ortiq loyiha hayotga tatbiq etildi.

Yil boshidan buyon, IT Park rezidentlari soni 35 foizga ko‘payib, ularda 6 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilgan. Joriy yilning 8 oyida ishlab chiqilgan dasturiy mahsulotlar 26 million dollarga eksport qilingan. Kelgusi 3 yilda iqtisodiyot sohalarida yana 300 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.

Ushbu loyihalar, umuman, soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash maqsadida Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda “Bir million dasturchi” loyihasi amalga oshirilmoqda. Hozirgacha bu loyiha doirasida 567 ming o‘g‘il-qiz bepul saboq oldi. E'tiborlisi, ularning 79 foizi maktab o‘quvchilaridir.

Tadbir avvalida Birlashgan Arab Amirliklarining hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gergaviy videoaloqa orqali ushbu loyihaning ahamiyati haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

Yig‘ilishda axborot texnologiyalari bo‘yicha ta'lim sharoitlarini yaxshilash va qamrovini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

2 mingdan ortiq maktabning birorta ham o‘quvchisi “Bir million dasturchi” loyihasida ishtirok etmagani ko‘rsatib o‘tildi.

Davlat rahbari loyihani har bir maktabga yetkazish, zarur hollarda ularni qo‘shimcha kompyuterlar bilan ta'minlash, bolalarni o‘qishga keng jalb etish muhimligini ta'kidladi.

“Birorta maktab “Bir million dasturchi” loyihasidan chetda qolmasligi kerak”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, bunday o‘quvlar joylardagi Yoshlar markazi, “Ishga marhamat” mono-markazlari negizida ham tashkil etilishi aytildi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan 100 ta maktab faoliyat yuritmoqda. Kelgusi ikki yilda bunday muassasalarni 205 taga yetkazib, 30 mingdan ziyod o‘quvchilarni o‘qitish rejalashtirilgan.

Shu bois mutasaddilarga ushbu maktablar uchun pedagoglar, texnika va o‘quv dasturlarini hozirdan puxta tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Yana bir yangilik – joriy yil 1 oktyabrdan boshlab barcha hududlarda 14 ta IT-texnikum faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ularda dasturiy injiniring, axborot xavfsizligi telekommunikatsiya kabi yo‘nalishlar bo‘yicha 8 mingga yaqin o‘quvchi tahsil oladi.

Yig‘ilishda ushbu texnikumlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Kadrlar tayyorlashda o‘quv markazlari ham muhim o‘rin tutadi. Shu maqsadda Aloqabank tomonidan ustavi 80 milliard so‘m bo‘lgan Venchur jamg‘armasi va IT bilimlarni rivojlantirish markazi tashkil etilishi belgilandi. Ushbu markazda kelgusi besh yilda 100 ming nafar yoshlarga dasturiy ta'minot, mobil ilovalar, tarmoq administratori kabi yo‘nalishlar bo‘yicha professional ta'lim beriladi.

Bundan tashqari, hozirda 151 ta raqamli texnologiyalar o‘quv markazi faoliyat yuritib, ularda joriy yilda 27 mingdan ortiq tinglovchilar o‘qitildi. Ushbu markazlar faoliyatini kengaytirish, davlat-xususiy sheriklik asosida yana shunday o‘quv maskanlari tashkil etish muhimligi ta'kidlandi.

Yig‘ilishda Prezident va ijod maktablari hamda ixtisoslashgan maktablarda ta'lim-tarbiya sifatini oshirish masalalari ham muhokama qilindi.

Kun tartibidagi masalalar yuzasidan mutasaddilarning axboroti eshitildi.

Top