17:11 / 10.09.2021
9414
Subhidamda obodlik istashmoqda. Toshkent biqinidagi Toshkentga yarashmaydigan ijtimoiy muammo

Internetda simyog‘och va transformator nosozligi, yo‘llar nobopligi kabi ijtimoiy muammolar haqida video ko‘rib qolsangiz, Toshkentdan boshqa biror viloyat bo‘lsa kerak deb o‘ylaysiz. Ko‘p hollarda shunday bo‘lib chiqadi ham. Axir Toshkent boshqa hududlardan ancha ilgarilab ketganini ko‘zimiz bilan ko‘rib turibmiz. Biroq oddiy ijtimoiy muammolar Toshkent biqinidagi hududlarda ham kuzatilmoqda. Masalan, poytaxt yaqinidagi Qibrayda mustaqillik yillarida asfalt ko‘rmagan ko‘chalar bor ekan.

Yo‘l

Toshkent viloyati Qibray tumanidagi Bo‘ston mahallasidan tahririyatga murojaat kelib tushdi. Unda aytilishicha, mahalladagi Subhidam ko‘chasiga 30 yildan beri asfalt yotqizilmagan. Ha, poytaxtdan to‘rt qadam naridagi mahalla ko‘chasi mustaqillik yillarida asfalt ko‘rmagani aytilmoqda. Yomg‘irli kunlarda ko‘cha loy bo‘ladi. Mahalla faoli Tohir Nishonovning aytishicha, yillar davomida tegishli tashkilotlarga ko‘p marotaba murojaat qilinishiga qaramay, bu muammo yechim topmayapti.

«Ko‘chib kelganimizga 30 yil bo‘ldi. Yo‘l masalasida hokimiyatga, yo‘l qurilish korxonalariga murojaat qildik, lekin yordam bo‘lmadi. Necha marta borgan bo‘lsak, bir-ikki oyda qilib beramiz, deyishadi, lekin qilinmaydi. Mana, yaqinda yog‘ingarchilik boshlanadi. Bolalar maktabga borishi kerak. Maktab bilan uylarning orasi uzoq, loyni bosib borib-kelishadi, qolaversa qariyalarimiz bor. Necha yildan beri yonimizdan xarajat qilib ko‘chaga shag‘al to‘kamiz. Toshga qoqilib yiqilib tushganlar ham bo‘ldi. Hokimiyat va'da beradi, lekin yo‘l qilib bermayapti», dedi u.

Elektr

«Transformator qo‘yib berishlari uchun uch yil yugurgandik. Nihoyat ikki yil avval Kun.uz’da chiqqan reportajdan so‘ng, ko‘chamizga transformator o‘rnatib berildi, ammo yangi o‘rnatilgan betonli simyog‘ochlarga eski simyog‘ochlardagi elektr simlari hanuzgacha ulab berilmadi. Aholi xavotirda, chunki eski simyog‘ochlar bir ahvolda, simlar osilib qolgan, shamolda uzilib tushishi mumkin. Mas'ul tashkilotlarga ko‘p marotaba murojaat qildik, ammo holat o‘sha-o‘sha», deydi Tohir Nishonov.

«Ishni oxiriga yetkazmay tashlab ketishdi. Necha marta murojaat qildik. Boraveramiz, ertaga, indinga deyishadi, hech kim kelmaydi. Axir, biz yosh bola emasmiz-ku hadeb boraversak. Beton simyog‘ochlarni o‘zimiz o‘rnatib qo‘ydik. Simlarni eski yog‘och simyog‘ochdan betoniga o‘rnatib beringlar, deb necha marta aytdik, kelishmadi. Shu muamoni hal qilib berishlarini so‘raymiz», deb so‘zida davom etadi Tohir Nishonov.

Bu borada «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ vakili bilan bog‘langanda mazkur masala o‘rganilishini ma'lum qilishdi.

Bolalarga o‘yingoh kerak

Mahalla aholisi bolalar o‘ynashlari uchun maydoncha yo‘qligi haqida ham murojaat qilishdi. Aytilishicha, bolalar 2-3 kilometr uzoqlikka borib o‘ynab kelishadi. O‘zlarini hududlarida esa bunday imkoniyat yo‘q.

Islombek Umaraliyev, Kun.uz muxbiri,
Tasvirchi va montaj ustasi – Abdusalim Abduvohidov

Top