08:42 / 10.09.2021
10696
Yer hujjatsiz berib yuborilganmi? Andijon markazidagi qurilish fuqarolar e'tiroziga sabab bo‘lmoqda

Andijon shahar Mashrab ko‘chasi 44-ko‘pqavatli uyda istiqomat qiluvchi 34 nafar aholi vakillari imzolagan murojaatda tadbirkorga yer maydoni noqonuniy berilgani va u yerda jadal suratlarda qurilish olib borilayotgani aytiladi.

Murojaatchilarga ko‘ra, u yerda tadbirkor kafe – kabobxona qurmoqda.

“Mazkur umumiy ovqatlanish va ko‘ngilochar maskanni qurayotgan tadbirkorga yer maydoni Andijon shahar hokimligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi prezidentining PQ-4427-sonli qarori va PF-6243-sonli farmoniga zid ravishda berilgan. Bundan tashqari atrofda yashovchi aholi vakillari, do‘kon egalari ogohlantirilmagan, ularning roziligi olinmagan”, – deyiladi murojaatda.

Kun.uz ijodiy guruhi Mashrab ko‘chasida bo‘lib, muammo bo‘yicha aholi bilan uchrashdi va Andijon shahar hokimligi mutasaddisidan izoh so‘radi.

Avazbek Abduqodirov – 44-ko‘pqavatli uy ostidagi 17 ta do‘konlar egasi. U muammo haqida quyidagi gaplarni aytdi.

“Do‘konlarimizni to‘sib qolyapti, tepadagi 2–3-qavatdagi mulkdorlardan hech qanday roziliksiz qurilish boshlangan. Hujjat so‘rasak, hujjatsiz qurilish qilishyapti. Farmoyishi ham, qarori ham yo‘q.

Biz 2017 yilda, viloyatimiz hokimi Shuhratbek Abdurahmonov kelganida mana bu “ogorod”larni kichraytirib, atrofiga bordyurlar quydirib, tozalatib, obod qildirgan edi. Faqat maydonning mana shu bir qismi qarovsiz bo‘lib qolganida bizning ozgina aybimiz bor.

Avazbek Abduqodirov

Bizga hech qanday kafe kerakmas, chunki bu yerdagi 17 ta do‘konning oldini to‘sib qolyapti. 44-uyning 2-, 3- va 4-qavatlardagi mulkdorlari ham norozi. Birortasining roziligi olinmagan. Chunki kafe ishga tushsa, oqshomlari shovqin bo‘lib ketadi. Yana shashlikxona ishga tushgach, do‘konlarimiz oldidagi avtoturargoh yo‘q bo‘lib qolyapti. Muammoga huquqiy baho berilishiga yordam bersangizlar.

Tadbirkordan hujjat so‘raganimizda: “Hech qanaqa hujjatimiz yo‘q. Hokimiyat qurib bo‘lganimizdan so‘ng qilib berarkan”, dedi. Buning ustiga tepasidan yuqori kuchlanishli sim o‘tgan va to‘g‘ridan yo‘l chiqadi. Viloyat hokimi: “Shu yerdan to‘rtta uy buzilib, yo‘l chiqadi, narigi Navro‘z savdo majmuasi ko‘chasiga qo‘shilib ketadi”, degandi.

O‘zim o‘rindiqlar qo‘yib, yoritgichlar qo‘yib, videokameralar o‘rnatib, bruschatka bosib, yashil hududning yarmini qildim, kerak bo‘lsa, bu yog‘ini ham qilib qo‘yishni reja qilganman. Lekin menga shu paytgacha birov kelib aytmagan, aytganida qilib qo‘yardim”, – deydi Avazbek Abduqodirov.

63 yoshli faxriy Robert Aronov bu haqda shunday deydi.

“Mana shu kafeni qurilishidan 44-uyda yashovchilar qat'iyan norozi bo‘lmoqdalar. Prezident odamlar xotirjam yashasin, yashil hududlar bo‘lsin, o‘rindiqlar qo‘yilsa, odamlar chiqib, dam olish imkoniga ega bo‘lishadi, deyapti. Nimaga bilmadim-u, lekin bizning rahbarlar buni eshitmayapti.

Robert Aronov

Men pensionerman, shu uyda 32 yil yashab qo‘ydim. Lekin bunaqasi bizda birinchi marta sodir bo‘lmoqda. Tushunishimcha, bizda rahbarlar xalq uchun bo‘lishi kerak, hozir esa, kelib chiqyaptiki, xalq rahbarlar uchun ekan.

Men hokimlarni yomon demoqchi emasman, lekin hokimlar kim, ular – siyosatchi; ular arxitektor emas, quruvchi emas, hatto yurist ham emas. Ular – siyosatchi. Siyosatchi – prezidentning odami, u bunday qurilishlar qilishdan oldin yuristni chaqirishi, yuridik bazani tekshirib ko‘rishi lozim, arxitektorni chaqirib, bunday narsalar qurish mumkinmi, deb so‘rab ko‘rishi kerak. Hech bir muovin “Hurmatli hokim, 10 ming voltli sim ostida qurilish qilib bo‘lmaydi” deb ayta olmaydi. Men uning holatini tushunaman. Hokim yaxshiroq bo‘lishini xohlagan bo‘lishi mumkin, lekin aksi bo‘lib chiqyapti”.

44-uyda yashovchi Nilufar Turg‘unova, Varvara Nizamutdinovalar qurilish ishlari boshlangach shovqin va chang-to‘zondan qiynalishganini aytishdi. Uy turg‘unlari kafe-kabobxona bitgach, halovatlari yo‘qolishi, kabob tutuni, mijozlar uchun qo‘yiladigan musiqa va avtomobillar ovozi ularning tinchligini buzishidan xavotirda ekani bois mazkur inshoot qurilishiga qarshi ekanligini aytishdi.

Nilufar Turg‘unova
Varvara Nizamutdinova

“Biz bu qurilishga qarshimiz. Undan ko‘ra, mana shu joyga o‘rindiqlar qo‘ysin, chiroyli yashil hudud qilsin. Yoritgichlar qo‘ysin. Odamlar chiqib, o‘tirib dam olsin. Nima keragi bor bunaqa kafeni? Bizga kerak emas bu kafe. Bu svetofordan u sfetoforgacha 10 ta kafe bor, o‘n birinchi kafening keragi yo‘q bizga. Yashil hudud qilsin, bog‘ qilib qo‘ysin. Bolalarim bilan aylanib yuramiz. Uchta bolam bor”, – deydi Varvara Nizamutdinova.

Aholi ichida mazkur kafe qurilishini oqlaydiganlar ham o‘z fikrini aytdi.

“Odamlarga ish joyi yo‘q. To‘g‘ri qilyapti, mana shunaqa qurilishlar ko‘p bo‘lsin. Ishlaylik. Mening uyimning to‘g‘risida bo‘layotgan narsa. Hokimlarga, rahbarlarga rahmat. Shunaqa ishlarni ko‘paytiraversin. Uyga halaqit beradigan joyi yo‘q. Men ham shu uyda yashayman, men aralashmayman. O‘z fikrimni aytishga haqqim bor. Prezidentning buyrug‘i bilan bo‘lyapti. Ish joyimiz yo‘q. Ishlaymiz. Masalan, mana shu yerga qator oshxona tushsa, nechta odam ta'minlanadi, nechta odamni oilasi butun bo‘ladi. Muammo kamayadi”, – deydi Donoxon Rejapova.

Donoxon Rejapova

Qurilish ishlarini olib borayotgan tadbirkor va uning ish yurituvchilari holat yuzasidan intervyu bermasligini aytishdi. Biz Andijon shahar hokimligi qurilish bo‘limi bosh mutaxassisi Baxtiyorjon Soliyevni savolga tutdik.

— Mazkur kafe qurilishi uchun yer maydoni tadbirkorga shahar hokimligi tomonidan tadbirkorga qonuniy hujjatlar asosida berilganmi?

— Tadbirkorga ushbu qurilishni amalga oshirish bo‘yicha shahar hokimligi tomonidan farmoyish qabul qilingan. Kafe ko‘p qavatli uy va uning oldiga joylashgan noturar inshootlardan 50 metr, umumiy hisoblaganda 62 metr uzoqlikda qurilyapti. Shuning uchun aholi roziligi olinmagan.

Bino yengil konstruksiya holatida bunyod etilib, aholi madaniy hordiq chiqaradigan kichik kafe bo‘lyapti. Bundan tashqari, kuni kecha prezidentimiz topshirig‘iga asosan, shaharlarda yashil maydon tashkil qilish vazifasi turibdi. Kafe atrofida kechasi aholi uchun o‘rindiqlar, manzarali daraxtlar, gullar tashkil etiladi.

Baxtiyorjon Soliyev

— O‘sha farmoyishni ko‘rsata olasizmi?

— Hozir yonimda yo‘q. Lekin farmoyish bor. Men sizlar kelganingizni eshitib bu tomondan keldim-da, bo‘lmasa, farmoyishni olib kelgan bo‘lardim.

— Qachon taqdim qila olasiz?

— Idoraga borib, kechki payt olib, taqdim qilaman.

— Bino tepasida yuqori kuchlanishli elektr liniyasi bor ekan. Xavfsizlik qoidalari nima bo‘ladi?

— Shu sababli bu bino bino emas-da, mana ko‘rishingiz mumkin, yengil konstruksiyali, vaqtinchalik inshoot hisoblanadi. Ya'ni kapital qurilishi bo‘lmaydi.

— Yengil konstruksiyali binolar qurish uchun shahar hokimining farmoyishi yetarlimi?

— Yengil konstruksiyali bino emas, yengil konstruksiyali shoxobcha tashkil etish shahar hokimining vakolatida bor. Hozir prezidentimizning farmoniga asosan to‘xtatilgan. Mana bu joy uchun farmoyish oldinroq qabul qilingan edi.

***

Baxtiyorjon Soliyev tegishli hujjatlarni oradan ikki kun o‘tsa-da taqdim qilmadi.

Prezidentning PQ 4427-sonli qaroriga asosan, 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab joriy etilgan tartibga muvofiq, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh turgan yer uchastkalari tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun faqat “E-IJRO AUKSION” savdo maydonchasida, elektron onlayn-auksion orqali beriladi.

“Shahar bedarvoza emas”, deyishadi. Andijon shahar hokimligi tadbirkorga yer maydonini hujjatsiz in'om etib yuborgandek ko‘rinmoqda. Qarorlar, farmonlar ijro etilmasa, qonunlar ishlamasa, ulardan ne naf?

Andijon shahar prokuraturasi holatni o‘rganib, qonuniy chora ko‘radi, degan umiddamiz.

Elmurod Ermatov,
Azizbek Ismoilov

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top