23:04 / 11.09.2021
18945
Bolalarda o‘quv yili boshidagi charchoq va dangasalik: ota-onalar uchun tavsiyalar

Yangi o‘quv yilining ilk haftasi yakuniga yetdi. O‘quv yili boshida ko‘pchilik bolalarda darsdan keyin toliqish, charchoq alomatlari, dars qilishga xohish yo‘qligi kuzatiladi. Bu ayniqsa, 1-sinfga chiqqan yoki quyi sinflarda o‘qiydigan maktab o‘quvchilarida ko‘p uchraydi.

Foto: Getty Images

Bunday vaziyatda ota-onalar ularga qanday qilib yordam berishi mumkinligi haqida maslahatlar bilan bo‘lishamiz.

Aytish mumkinki, boladagi bu holat o‘tkinchi va buni yengib o‘tishda ota-onaning yordami kerak. Ma'lumki, yozgi ta'til vaqti uzoq davom etadi va bola ruhan hamda jismonan bunga moslashib qoladi. Ta'til tugab, odatdagi tartibga qaytish uchun esa bolaga ma'lum vaqt kerak bo‘ladi. Lekin shu vaqt ichida charchoq oqibatida unda kuzatiladigan dangasalik holatiga ko‘z yumib bo‘lmaydi. Chunki bola ta'lim muhitiga kirisha olmasligi uni keyingi bilimlarni yaxshi tushunmasligiga va o‘zlashtirmasligiga olib keladi.

Mutaxassislarning aytishicha, bu charchoq holati surunkali davom etaversa, bolada bosh aylanishi, ko‘rish qobiliyati pasayishi, yurakning tez urishi kabi ta'sirlar kuzatiladi.

Bolaning charchashiga yana bir sabab – maktab sumkasining og‘irligi. Odatda kichik sinfda o‘qiydigan bolalar ortiqcha buyumlarini ham sumkalarida olib yurishga odatlanishadi. Ma'lum bo‘lishicha, 6-8 yoshdagi o‘quvchilar sumkasi og‘irligi 2 kg.gacha, 9-13 yoshdagi o‘quvchilar 3 kg.gacha, 14 yoshda 5 kg.gacha, 15–16 yoshda 6 kg.gacha bo‘lishi maqsadga muvofiq hisoblanadi. Shuning uchun ota-onalar bolaga qulay muhit va imkon yaratishi, muntazam ravishda farzandlarining maktab sumkasini nazorat qilishi kerak.

Bundan tashqari, bolaning ovqat ratsioni shu paytda eng muhim omillardan biri hisoblanadi. Toshkent tibbiyot akademiyasi “Bolalar, o‘smirlar va ovqatlanish gigiyenasi “ kafedrasi professori Guli Shayxova bu haqda shunday deydi:

— Uzoq ta'tildan keyin boladagi moslashuv davrida uning ovqatlanish ratsioniga har doimgidan ham ko‘proq e'tibor qaratish kerak. Maktab yoshidagi bolalarning ratsional ovqatlanishi – ular har tomonlama rivojlanishining yetakchi shartlaridan biridir. Bu yoshdagi bolalarda tezkor o‘sish, mushak va suyaklar kattalashishi, moddalar almashinuvi kuchayishi kuzatiladi, endokrin, yurak-qon tomir, bosh miya ishlari faollashadi. Bu murakkab jarayonlarni ta'minlash uchun maktab yoshidagi bola tarkibi yetarli darajada oqsil, uglevod, mineral moddalar va vitaminlarga boy to‘laqonli biologik mahsulotlar qabul qilishi kerak.

Ayniqsa, o‘sib kelayotgan organizmga oqsilning ratsionga yetarli darajada ko‘shilishi juda muhim. Uning umumiy hajmini 50–60 foiz yuklama va hayot sharoitlariga mos ravishda hayvon oqsili tashkil qilishi lozim. Oqsil yetishmovchiligida bolalarda bosh miya faoliyati buzilishi kuzatiladi. Ular tez charchaydi, ish qobiliyati, darslarni o‘zlashtirishi pasayadi. Shuning uchun maktab yoshidagi bolalar ovqatlanishida asosiy masalliqlar oqsilga boy mahsulotlar bo‘lishi kerak. Ularga tuxum, go‘sht, baliq, yong‘oqlar va grechka kiradi.

Kundalik maktab taomnomasida sut, sutli mahsulotlar (tvorog, yogurt), tuxum, go‘shtli, baliqli mahsulotlar bo‘lishi zarur. Sutli mahsulotlar mineral moddalar, vitaminlar va oqsilning asosiy manbaidir. Bundan tashqari ular ovqat hazm bo‘lishiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi.

Shuningdek, ratsionda albatta quruq mevalar bo‘lishi shart. Kundalik taom iste'mol qilganda jaydari nondan foydalangan ma'qul. Chunki unda oq nonga qaraganda temir moddasi 30 foizga, kaliy ikki, magniy uch karra ko‘p.

Sabzavotlar mikroelement va vitaminlar manbai hisoblanadi, shuning uchun bola ovqat ratsionining 50 foizi yangi sabzavot va mevalardan iborat bo‘lishi zarur.

Alohida e'tiborni to‘laqonli nonushtaga qaratish lozim. Ertalab bola organizmi odatda ko‘p energiya sarflaydi, shuning uchun nonushta yetarli darajada ovqat moddalari va quvvatga ega bo‘lishi kerak. Nonushta bir kunlik energiya qiymatining 25 foizini tashkil etishi va albatta issiq ovqat, tvorogli, tuxumli, go‘shtli, dukkakli taomlar bo‘lishi lozim.

***

Bolalarda charchoq oqibatida ular toqatsiz, e'tiborsiz, dars vaqtida gaplashadigan, ya'ni intizomsiz bo‘lib qolishadi. Yaqin orada biror kasallikni boshdan kechirgan ayrim bolalar esa bo‘shang, horg‘in, kuchsiz bo‘lib, yaxshi fikrlay olmaydi. Psixolog Rozaliya Gabdulhakova bu borada tegishli tavsiyalarni berib o‘tdi.

— Yozgi ta'tildan keyingi charchoq holatining eng asosiy sababi – kun tartibining o‘zgarishidir. Ta'til davomida erkin rejimda uxlab o‘rgangan bola erta turishga ko‘nikishi qiyin bo‘ladi. Buning oldini olish uchun ta'tilning so‘nggi kunlarida ota-ona bolani ertaroq uxlashi va ertaroq uyg‘onishga o‘rgatib borishni boshlashi lozim. Ta'tildan keyingi ilk o‘quv pallasida bola ko‘proq dam olishi kerak. Biroz o‘tib u vaziyatga moslashib ketadi.

Bolada dars qilishga xohish yo‘qolishiga ota-ona va o‘qituvchi tomonidan unga nisbatan tazyiq o‘tkazilishi, shunga majburlash, qo‘rqitish sabab bo‘ladi. Natijada bolada bu jarayon juda qiyin degan fikr keladi va doim shundan o‘zini tortishga urinadi. Bola uchun dars tayyorlash tabiiy jarayonga aylanishi uchun unga erkinlik berish kerak.

Ta'tildan keyin bolada past baholar kuzatilganda uni jazolash tanbeh berish ota-onalarning eng katta xatolaridan biri. Aksincha, unga bu odatiy va o‘tkinchi ekanini, u bunday baho loyiq emasligini va albatta yaxshi natijalarga erisha olishi haqida aytish kerak. Bolaning uy vazifalarini ota-ona o‘zi qilib berishi yoki aka-opalariga bajartirishi ham noto‘g‘ri.

Nima qilish kerak?

Bola dars qilishi uchun kun tartibiga rioya qilish. Ya'ni u har kuni kunning ma'lum paytida dars qilishi kerak. Bu tartibni belgilashda bolaning o‘zi bilan kelishgan holda tuzish kerak. Dars qilish vaqtini o‘zi belgilagan bolada uni bajarish mas'uliyati ham oz bo‘lsa-da oshadi. U buni majburiyat emas, o‘z tanlovi deb his qiladi.

Bola yangi o‘quv yilini boshlaganda uning uyda mustaqil dars qilishiga, uy vazifalarini o‘zi bajarishiga rag‘bat uyg‘otishning yana bir yo‘li – uning kamchiliklarini emas, kichkina bo‘lsa-da muvaffaqiyatini topib maqtashdir. Masalan, berilgan 10 ta misoldan bittasini to‘g‘ri bajargan bo‘lsa, aynan shu ota-ona e'tiboriga olinishi kerak. Shunda bola o‘z qilgan ishidan rohat olishni boshlaydi va bu o‘quv yili davomida bolaning yaxshi natijalarga erishishi uchun ishtiyoq uyg‘otadi.

Gulmira Toshniyozova tayyorladi.

Top