16:18 / 11.09.2021
25213

Ronalduda kambek, «Siti» Superkubok revanshi ilinjida, Grizmann va Suares Kataloniyaga, «Real» «Bernabeu»ga qaytmoqda. Hafta o‘yinlari anonsi

FIFA kunlari sababli yuzaga kelgan qariyb ikki haftalik tanaffusdan keyin yevrofutbol ixlosmandlari intizorlik bilan kutgan kuchli beshlik chempionatlari yana o‘z yo‘lida davom etadi. Haftaning dam olish kunlari Angliyada Ronalduning «Old Trafford»ga qaytishi, Italiyada «Yuve»ning Neapoldagi safari va Shomurodov o‘yini, Ispaniyada «Real»ning uyiga qaytishi, Germaniyada esa Nagelsmanning «Leypsig»ga qarshi o‘yini muxlislar diqqat markazida bo‘ladi.

Angliya: «Old Trafford» Ronalduni kutmoqda, «Siti» Superkubokdagi mag‘lubiyat uchun revansh ilinjida

Bugun, 11 sentabr kuni Angliyada start oladigan turni Krishtianu Ronaldu nomi bilan atash mumkin. 12 yillikdan so‘ng «Manchester Yunayted»ga qaytgan portugaliyalik yulduz «Nyukasl»ga qarshi o‘yinda «Old Trafford»da ikkinchi debyutini o‘tkazishi kutilmoqda. O‘yin oldi matbuot anjumanida «MYu» bosh murabbiyi Ole-Gunnar Sulsher Ronalduning maydonga tushishini tasdiqladi. «Orzular teatri» deya nom olgan o‘yingoh o‘tgan bir hafta davomida rekord miqdorda sotilgan Ronalduning libosiga burkanishi aniq. 7-raqamni Kavanidan olgan Ronaldu shu kuni asosiy tarkibda ham urugvaylik forvard o‘rnini egallaydimi yoki zaxiradan maydonga tushadimi, buni o‘yinda bilib olamiz.

APL. 4-tur.

11 sentabr (shanba)

MYu – NYuKASL

O‘yin boshlanish vaqti: 19:00

TV-translatsiya: UzReportTV

Yana bir markaziy bahsda «Lester» o‘z maydonida «Manchester Siti»ni qabul qiladi. Gvardiola jamoasi mavsum avvalida Angliya Superkubogi uchun bahsda «tulkilar»dan uchralgan mag‘lubiyat uchun revansh olish imkoniyatiga ega. Turnir jadvalida bir xil – 6 ochkodan jamg‘arib yonma-yon borayotgan klublar o‘rtasidagi bahs shiddatli tus olishi aniq. Ko‘ramiz, Rojyers shogirdlari «shaharliklar» ustidan erishilgan Superkubokdagi g‘alaba tasodif emasligini isbotlay olisharmikan?

APL. 4-tur.

11 sentabr (shanba)

LeSTeR – MANCheSTeR SITI

O‘yin boshlanish vaqti: 19:00

TV-translatsiya: FutbolTV

APL 4-tur o‘yinlari:

11 sentabr (shanba)

16:30. Kristal Pelas - Tottenhem

19:00. Manchester Yunayted – Nyukasl

19:00. Lester - Manchester Siti

19:00. Arsenal – Norvich

19:00. Brentford – Brayton

19:00. Sauthempton - Vest Hem

19:00. Uotford – Vulverhempton

21:30. Chelsi - Aston Villa

12 sentabr (yakshanba)

20:30. Lids – Liverpul

13 sentabr (dushanba)

22:00. Everton – Byornli

Ispaniya: «Real» «Santyago Bernabeu»ga qaytadi, Grizmann va «Atletiko» Kataloniyada mehmon

APLda bo‘lgani kabi La Ligada ham ushbu turda yana bir daydi o‘g‘lonning qaytishi kuzatiladi – Grizmann yana «Atletiko» libosini kiyadi. Aynan ushbu transfer Simeone jamoasining chempionlik uchun kurashda bu safar ham «Real» va «Barsa»dan ko‘proq imkoniyatga ega bo‘lishini ta'minlayotgandek. «Atletiko» bu turda yakshanba kuni Kataloniyada «Espanol» mehmoni bo‘ladi. Shu kuni madridliklar hujum chizig‘ida Suares – Grizmann tandemini ko‘rsak ajabmas.

La Liga. 4-tur

12 sentabr (yakshanba)

ESPANOL – ATLeTIKO

O‘yin boshlanish vaqti: 19:00

TV-translatsiya: FutbolTV/UzReportTV

«Real» nihoyat bir yillik tanaffusdan keyin yana o‘z uyi - «Santyago Bernabeu»ga qaytadi. Shu kuni madridliklar «Selta»ga qarshi saf tortishadi. O‘yingoh rekonstruksiyasi to‘liq yakuniga yetmagan bo‘lsa-da, «qirollik klubi» «Alfredo di Stefano» stadionidan yana jonajon arenasiga qaytadigan bo‘ldi. Bu Anchelotti jamoasiga qay daraja yordam bera oladi, yakshanba oqshomidagi bahsda ko‘ramiz.

La Liga. 4-tur

12 sentabr (yakshanba)

ReAL – SeLTA

O‘yin boshlanish vaqti: 23:55

TV-translatsiya: FutbolTV/UzReportTV

Darvoqe, «Barselona»ning «Sevilya»ga qarshi o‘yini janubiy amerikalik futbolchilar JCh-2022 saralash bosqichidan kechroq qaytishlari sababli noma'lum muddatga qoldirilgan.

Italiya: «Napoli» «Yuve»ni qabul qiladi, «Roma» «Sassuolo»ga qarshi

Italiya A Seriyasida turning markaziy uchrashuvi Neapolda o‘tadi. Ikki uchrashuvda 6 ochko jamg‘argan Spaletti boshqaruvidagi «Napoli» Ronaldusiz qolgan «Yuventus»ga qarshi saf tortadi. Ustiga-ustak Massimiliano Allegri «Napoli»ga qarshi o‘yinda sakkiz nafar futbolchisi xizmatidan foydalana olmaydi. Shu kuni turinliklarga Federiko Keza va okean ortidan kechroq qaytgan Paulo Dibala, Xuan Kuadrado, Aleks Sandro, Danilo va Rodrigo Bentankur yordam bera olmaydi. Keza Italiya milliy jamoasi ishtirokidagi o‘yinda jarohat oldi, Artur va Kayo Xorxeda ham jarohat bor. A Seriyadagi o‘tgan ikki turda bir ochko jamg‘argan «Yuve» uchun bu bahs ham yana bir jiddiy sinovga aylanadi.

Shuningdek, «Milan» «San-Siro»da «Latsio»ga qarshi maydonga tushsa, «Roma» yakshanba oqshomida «Sassuolo»ni qabul qiladi. Joze Mourino rimliklar safida Eldor Shomurodovni maydonga tushirishi kutilmoqda.

A Seriya. 3-tur

11 sentabr (shanba)

NAPOLI – YuVeNTUS

O‘yin boshlanish vaqti: 21:00

TV-translatsiya: SportTV

12 sentabr (yakshanba)

ROMA – SASSUOLO

O‘yin boshlanish vaqti: 23:45

TV-translatsiya: SportTV

Germaniya: Nagelsmann va «Bavariya» «Leypsig»ga qarshi

Bundesliga 4-turining markaziy to‘qnashuvi Leypsigda mahalliy jamoa va «Bavariya» o‘rtasida kechadi. Bugungi bahsda Myunxen jamoasini Yulian Nagelsmann o‘zining sobiq klubiga qarshi boshlab tushadi. «Buqalar»ni yangi darajaga olib chiqqan yosh murabbiy endi ularni mag‘lub etish ilinjida. Jyessi Marsh qo‘l ostidagi mezbonlar «Bavariya»ni mag‘lub etib, uch yillik noxush an'anani buzish imkoniyatiga egalar. Bu qanchalik ro‘y beradi, shiddat va'da qilayotgan to‘qnashuvda ko‘ramiz. 

Bundesliga. 4-tur

11 sentabr (shanba)

LeYPsIG – BAVARIYa

O‘yin boshlanish vaqti: 21:30

TV-translatsiya: MatchTV Futbol

Fransiya: «PSJ» Messi va Neymarsiz o‘ynaydi

Lionel Messi Fransiyaga ko‘chib o‘tgach, «PSJ» ishtirokidagi uchrashuvlar hafta o‘yinlari qatoridan joy olayotgani tabiiy holat. Ammo bu safar Parij klubiga Messi ham, Neymar ham yordam bera olmaydi. Turnir debyutanti «Klermon»ga qarshi bahsda Pochettino Messi, Neymar, Di Mariya va Leandro Paredes singari o‘yinchilarni maydonga tushira olmaydi. Janubiy amerikalik o‘yinchilar juma kuni klublari ixtiyoriga qaytgani uchun klub bu o‘yinchilarga dam berishga majbur. Ushbu yo‘qotishlar debyutantga sensatsion g‘alaba umidini bergan bo‘lsa ajabmas.

Fransiya chempionati. 5-tur

11 sentabr (shanba)

KLeRMON – PSJ

O‘yin boshlanish vaqti: 20:00

TV-translatsiya: MatchTV Futbol.

Usmon Ibodov

Mavzuga oid
Top