14:51 / 11.09.2021
1504
Samarqandda YPX mashinasi va mikroavtobus o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ldi
Foto: IIB axborot xizmati

Samarqand shahrida viloyat IIV YHXB YPXga tegishli «Equinox» mashinasi va mikroavtobus ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, bugun, 11 sentabr kuni soat 12:40 atrofida Samarqand-Buxoro avtomobil yo‘lining Samarqand shahar Galaosiyo mahallasi hududidan o‘tuvchi 43-kilometrida aylanma yo‘lda YPX mashinasi va mikroavtobus ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasiga tegishli «Equinox» avtomobili svetoforning qizil chirog‘ida to‘xtab turgan vaqtda uning orqasidan «Ford Tranzit» mikroavtobusi kelib urilgan.

Qayd etilishicha, hodisa oqibatida hech kim jarohat olmagan. Har ikkala transport vositasiga zarar yetgan. Ta'kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Top