09:21 / 12.09.2021
32353
Bayden AQShning Afg‘onistondagi xatosini aytdi

AQSh Afg‘onistonda “Al-Qoida” terrorchi guruhini yo‘q qilgandan keyin ham u yerda qolib, mamlakatni birlashtirish uchun behuda uringan. Bu haqda AQSh prezidenti Jo Bayden Shanksvill shahriga tashrifi vaqtida jurnalistlarga aytib o‘tdi.

Foto: EPA-UPG

Oq uy rahbari Shanksvillga 2001 yil 11 sentyabrdagi teraktlar qurbonlari xotirasini yod etgani kelgan.

“Al-Qoida” qaytishi mumkinmi? Ha. Chunki u endi boshqa yerlarda ham bor. Nima, endi biz “Al-Qoida” bor bo‘lgan hamma yerga bostirib kirib, u yerda qo‘shin qoldirishimiz kerakmi? Yo‘q”, deb aytgan Bayden.

AQSh prezidenti Afg‘onistondan qo‘shinlarni olib chiqish qaroriga izoh berib, Vashington Afg‘onistondagi kampaniya vaqtida jiddiy sarf-xarajatlarni amalga oshirganini aytgan.

“Agar biz Bin Lodinni, “Al-Qoida”ni yo‘q qilganimizdan keyin bu mamlakatni birlashtirish uchun 20 yil davomida kuniga 300 mln dollardan sarflashimizni avvalroq tushunganimizda, ehtimol ertaroq nimanidir o‘zgartirgan bo‘lardik”, deb ta'kidlab o‘tgan Oq uy rahbari.

U amerikalik harbiylarning Afg‘onistondan olib chiqilishini AQSh aholisining katta qismi qo‘llab-quvvatlashini aytgan.

Shu bilan birga, Bayden amerikaliklar AQSh harbiylarining Afg‘onistondan olib chiqilishi borishi jarayonidan norozi bo‘lganlarini tan olgan. Biroq u “AQSh boshqa bir davlatdan o‘z tarafdorlarini olib chiqqanida” ham Afg‘onistondagi kabi vaziyat takrorlangan bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Top