13:11 / 12.09.2021
13396

Yil oxirlamoqda hamki davlat dasturi ijrosidan darak yo‘q. AOKA esa sukutni afzal bilmoqda

2021 yilgi davlat dasturida So‘z erkinligini ta'minlash va ommaviy axborot vositalarini har tomonlama rivojlantirish uchun huquqiy asoslarni kuchaytirishga oid prezident qarori loyihasi ishlab chiqilishi belgilangandi. May oyida tayyor bo‘lishi kerak bo‘lgan qaror loyihasidan esa hamon darak yo‘q. 

Foto: AOKA

Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zLiDeP qurultoyida jurnalistlar hamisha prezident himoyasida bo‘lishini ma'lum qildi. 

«Ommaviy axborot vositalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davom ettirilib, jurnalistlarning erkin faoliyat yuritishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi. Men haqiqat va adolatni o‘z e'tiqodi deb biladigan barcha jurnalistlarni islohotlarning faol ishtirokchilari, deb bilaman va ular hamisha Prezident himoyasida bo‘ladi. Bu fikrni bugun yana bir bor ta'kidlayman», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbarining bu so‘zlari yil dasturiga alohida band bo‘lib kirib, allaqachon ijro etilishi lozim bo‘lgan, ammo o‘ta sirli tarzda e'tiborsiz qoldirilayotgan masalani yana kun tartibiga chiqardi.

«Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturining 17-bandida so‘z erkinligini ta'minlash va ommaviy axborot vositalarini har tomonlama rivojlantirish uchun huquqiy asoslarni yanada kuchaytirishga oid prezident qarori loyihasi ishlab chiqilishi belgilangandi. 

Mamlakatdagi islohotlarning asosiy yo‘l xaritasi hisoblangan davlat dasturiga ko‘ra qabul qilinishi kerak bo‘lgan prezident qarorida OAVning mustaqil faoliyat yuritishini qo‘llab-quvvatlash, jurnalist va blogerlar erkin faoliyat yuritishi uchun huquqiy asoslarni mustahkamlash, AOKA faoliyatini qayta ko‘rib chiqish kabi masalalar o‘rin olishi ko‘zda tutilgandi. 

Biroq...

2021 yil may oyigacha ishlab chiqilishi lozim bo‘lgan qaror loyihasidan darak bo‘lavermagach Kun.uz bu masalaga e'tibor qaratgan edi. 

Qaror loyihasi ishlab chiqilgani va kelishuv jarayonida ekani haqida aytgan AOKA vakili loyihada ommaviy axborot vositalariga bir qancha imtiyoz va preferensiyalar hamda axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi faoliyatiga o‘zgarishlar kiritilayotganini ma'lum qilgandi o‘shanda.

1 may o‘tib bo‘lganiga ham mana 4 oydan oshdi. 

«Tasdiqlanadimi, yo‘qmi, biz bilmaymiz» – AOKA 

Kun.uz may oyida daragi berilgan Prezident qarori loyihasining taqdiri nima bo‘lgani xususida AOKAga qayta murojaat qildi. Qaror loyihasi hamon idoralararo kelishish jarayonda ekanligini aytgan mas'ul «Tasdiqlanadimi, yo‘qmi, biz bilmaymiz», — deya so‘zini qisqa qildi. 

Davlat rahbarining o‘zi jurnalistlar Prezident himoyasida ekanligini qayta va qayta ta'kidlamoqda. Hatto buning huquqiy asoslarini yaratish lozimligi Farmon bilan belgilab qo‘yildi. Natijadan esa darak yo‘q.

Davlat dasturida belgilangan chora-tadbirlar yil tugay deb qolganida ham amalga oshmasa, bu Prezidentning hozirgi siyosati va mavqeyiga putur yetkazmay qolmaydi. Mas'ul tashkilotlar esa «jarayonda», «biz bilmaymiz», «bo‘lib qolar» kabi qoliplardan voz kechib, belgilangan dastur asosida ishlasalar, bajarayotgan amallari olib borilayotgan islohotlarga hamohang bo‘lar edi. 

Mavzuga oid
Top