16:43 / 15.09.2021
11482
“Bobur” bog‘i o‘z egalari – aholi foydalanishi uchun qaytarildi

Prezident tanqididan so‘ng ko‘plab bog‘ va xiyobonlarda odamlar hordiq chiqarishlari uchun yetarli sharoit yaratishga qaratilgan ishlar boshlab yuborilgan. Poytaxt aholisi orasida “Bobur” nomi bilan mashhur, ayni damda “Do‘stlik” deya ataluvchi istirohat bog‘i qayta ta'mirlanmoqda. Yangilanayotgan bog‘ kelgusida shahar aholisi dam oladigan so‘lim maskanga aylanadi.

Oxirgi yillarda O‘zbekiston katta qurilish maydoniga aylandi. So‘nggi 5 yillikni Renessans va yangi O‘zbekiston atamalari bilan ulug‘layotganda ushbu bunyodkorlik ishlarining ayrim aks ta'sirlari ham ko‘zga tashlanib qolayotgani e'tirof etildi. Ayniqsa, oxirgi bir yilda aholining qurilishlar tufayli yuzaga kelayotgan ekologik va boshqa noqulayliklar haqidagi e'tirozlari ko‘paydi. Bunga prezident ham yaqinda o‘tkazilgan videoselektorda e'tibor qaratdi.

Gap shaharlarning yashil hududlari va parklar haqida. Kun.uz poytaxtimizdagi rekonstruksiya va qurilishlar tufayli o‘z faoliyatini to‘xtatgan ayrim istirohat bog‘lari sirasiga kiradigan “Do‘stlik” bog‘i (sobiq “Bobur” bog‘i) aholiga qaytarilayotganidan mamnun va bu yangilikni darhol Toshkent aholisiga yetkazishga oshiqdi.

cIejbpfpuvkGCRWhMeZPdHvlsFvVfLYO.jpg (1280×720)

Bog‘ qurilishida ishtirok etgan quruvchilar brigadasi boshlig‘i Saidkarim Saidaliyev hududda amalga oshirilgan ishlar haqida so‘zlab berdi.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasi rahbari Farhod Dehqonov nafaqat bu bog‘, balki boshqa yashil hududlar masalasiga ham to‘xtaldi. Har ikki mutaxassisning aynan bir masalaga alohida e'tibor qaratgani o‘rinli: Saidaliyev ham, Dehqonov ham bog‘ rekonstruksiyasi jarayonida biror daraxat kesilmaganini, daraxtlarga ziyon yetmasligi uchun ayrim holatlarda texnikaning o‘rniga qo‘l mehnatidan foydalanilganini ta'kidlashdi. Ya'ni daraxtlar zich joylarga texnika kirib ishlash imkoniyati bo‘lmagan paytlarda o‘sha xalal berayotgan daraxtlar kesilib, oson yechim topilmagan, bil'aks, texnikaning o‘rniga odamlar o‘sha ishlarni bajargan. Albatta, bu qator qiyinchiliklarni keltirib chiqargan va bog‘ni foydalanishga topshirish muddatiga ham ta'sir o‘tkazgan, deya ma'lumot berishdi mutaxassislar. Bu ishlar moratoriyga qaramay urchib borayotgan daraxtkesarlarga o‘rnak bo‘lishi lozim.

Yana bir arzirli jihat: aytilishicha, bu bog‘da attraksionlar bo‘lmaydi. Bog‘ hududi sokin, yashil makon bo‘ladi, shuningdek, ochiq havoda sport bilan shug‘ullanish uchun bog‘ning turli burchaklarida futbol, voleybol, vorkaut maydonchalari tashkil etilgan. Va, albatta, bog‘ga kirish bepul ekani ma'lum qilindi.

Sentabr oyi oxiriga qadar foydalanishga topshirilishi mo‘ljallanayotgan bog‘dan reportajni tomosha qiling.

Bobur Akmalov, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi Maxmud Soliyev

Top