09:39 / 15.09.2021
5674
Toshkent metrosida karantin qoidalariga rioya etilishi yuzasidan reyd o‘tkazildi

«Toshkent metropoliteni» unitar korxonasi bekatlarida karantin qoidalariga rioya etilishi yuzasidan reyd tadbirlari o‘tkazildi. Bu haqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» xabar bermoqda.

«Hozirgi kunda yurtimizda karantin qoidalari yumshatilgan bo‘lsa-da, biroq virus bizdan hanuzgacha chekingani yo‘q. Ammo karantin cheklovlari yumshatilgani sababli ayrim fuqarolar tomonidan aholi gavjum joylarda tibbiy niqobsiz harakatlanish davom etmoqda», deyiladi xabarda. 

Qayd etilishicha, shu munosabat bilan Ichki ishlar vazirligi Transportda xavfsizlikni ta'minlash bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan Toshkent metropolitenida reyd tadbirlari o‘tkazildi.

«Metro bekatlarida yo‘lovchilarning to‘planishi - bu xavf to‘lqinidan dalolatdir. Buni anglagan yo‘lovchilar karantin qoidalariga amal qilgan holda harakatlanishmoqda. Biroq ayrim yo‘lovchilar o‘z hayotiga e'tiborsizlik va loqaydlik bilan niqobsiz yoki niqoblarini jag‘ qismiga tushirgan holda harakatlanishmoqda», deyilgan ma'lumotda. 

Bildirilishicha, profilaktik tadbirlarni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad karantin qoidalariga rioya qilmagan yo‘lovchilarni jarimaga tortish emas, aksincha virusni yengishda hamjihatlikni ta'minlash. 

Huquq-tartibot xodimlari bu gal karantin talablarini buzgan fuqarolarni virus xavfidan ogohlantirib, o‘z salomatligiga e'tiborli bo‘lishga chaqirgan. Niqoblar tez-tez almashtirilishi lozimligi tushuntirilib, tibbiy niqoblar tarqatilgan.

Mavzuga oid
Top