18:00 / 16.09.2021
15998

“Bu – ortdan urilgan pichoq”. Fransiya AQSh, Britaniya va Avstraliyaning mudofaa alyansi tashkil etishiga nisbatan norozilik bildirdi

Fransiya suvosti kemalarini ishlab chiqish bo‘yicha Avstraliya bilan imzolangan 40 mlrd dollarlik shartnomadan mahrum bo‘ldi.

Foto: Picture Alliance/DPA

Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan Iv le Drian AQSh prezidenti Jo Baydenni Avstraliya va Britaniya bilan alyans tuzish orqali ortdan zarba berishda aybladi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.

AQSh va Britaniya bilan hamkorlik e'lon qilgan Avstraliya suvosti kemalarini ishlab chiqish bo‘yicha Fransiya bilan imzolangan 40 mlrd dollarlik shartnomani bekor qildi.

“Bu shafqatsiz, bir tomonlama va avvaldan ma'lum bo‘lmagan qaror ko‘p jihatdan janob Trampning ishini eslatmoqda. Judayam jahlim chiqdi. Ittifoqchilar bunday qilmaydi”, – dedi Le Drian France Info radiosiga bergan intervyusida.

Qayd etilishicha, Avstraliya 2016 yilda qiymati 40 mlrd dollarlik yangi suvosti flotini qurish uchun Fransiyaning Naval Group kemasozlik kompaniyasini tanlagan. Ikki hafta avval Avstraliya tashqi ishlar va mudofaa vazirlari Fransiya bilan kelishuvni tasdiqlagan. 

“Bu orqadan urilgan pichoq bo‘ldi. Biz Avstraliya bilan ishonchli munosabatlar o‘rnatgandik va bu ishonchga putur yetdi”, – deb ta'kidladi Le Drian.

Avvalroq Bayden Fransiya “Hind-Tinch okeani hududida asosiy hamkor bo‘lishi”ni aytgan. Avstraliya tashqi ishlar vaziri esa Fransiya bilan “izchil va ijobiy hamkorlik” davom etishiga umid bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, AQSh, Britaniya va Avstraliya AUKUS mudofaa alyansini tashkil etishdi. Ta'kidlanishicha, “Bu Hind-Tinch okeani mintaqasida barqarorlikka yordam beradi”.

Top