20:53 / 16.09.2021
10820

Qirg‘izistonning yana bir sobiq bosh vaziri “Qumtor” koni ishi bo‘yicha ushlandi

Qayd etilishicha, Otorbayev bosh vazirlik davrida xorijiy kompaniya manfaatlari uchun “Qumtor”dagi Lisiy va Davidov muzliklari yo‘q qilinishiga sharoit yaratib bergan.

Foto: Tabyldy Kadyrbekov

Qirg‘iziston sobiq bosh vaziri Joomart Otorbayev “Qumtor” konidagi korrupsiya ishi bo‘yicha surishtiruv doirasida ushlandi. Bu haqda mamlakat davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

“16 sentyabr kuni Otorbayevni ushlash yuzasidan qaror chiqarildi”, – deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Otorbayev bosh vazirlik davrida xorijiy kompaniya manfaatlari uchun “Qumtor”dagi Lisiy va Davidov muzliklari yo‘q qilinishiga sharoit yaratib bergan. Xususan, u konda ekologik ekspertiza o‘tkazish bilan shug‘ullangan tegishli organlarga bosim o‘tkazgan.

“Gumonlanuvchi davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasining vaqtinchalik saqlash izolyatoriga joylashtirildi”, – deyiladi xabarda.

Otorbayev 2014-2015 yillarda Qirg‘iziston hukumatiga rahbarlik qilgan.

Avvalroq Qirg‘iziston sobiq prezidenti Sooranbay Jeenbekov “Qumtor ishi” doirasida milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga guvoh sifatida so‘roq berish uchun chaqirtirilgandi.

Ushbu ish bo‘yicha sobiq bosh vazirlar Muhammadkaliy Abilgaziyev va Temir Sariyev hibsga olingan. Yana bir sobiq bosh vazir Omurbek Babanov hech qayoqqa ketmaslik haqidagi tilxat bilan ozodlikka chiqarilgan.

Mavzuga oid
Top