21:15 / 16.09.2021
5807

Samarqand viloyatida davlat xaridlarini amalga oshirishda 18ta holatda 50 milliard so‘mlik qonunbuzilish holatlari aniqlandi

Foto: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Samarqand viloyatida o‘rganish olib borilganda buyurtmachilar tomonidan davlat xaridlarini amalga oshirishda 18 ta holatda 50 milliard so‘mlik qonunbuzilish holatlari aniqlangan. Bu haqda Agentlik matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Samarqand viloyatida budjet buyurtmachilari tomonidan «dxarid.uz» va «tender.mc.uz» maxsus axborot portalida joylashtirilgan e'lonlar joyiga chiqib o‘rganilgan. O‘rganish natijalariga ko‘ra, buyurtmachilar tomonidan davlat xaridlarini amalga oshirishda 18 ta holatda jami qiymati 50 milliard so‘mlik qonunbuzilish holatlari aniqlangan.

Jumladan, Samarqand viloyat hokimligi injiniring kompaniyasi buyurtmachiligida Xalq ta'limi vazirligi va Soliq qo‘mitasining quyi tizimlariga qarashli obektlarda qurilish va ta'mirlash ishlarini amalga oshirish bo‘yicha «tender.mc.uz» maxsus axborot portalida umumiy qiymati 42 milliard so‘mlik jami 9 ta tender e'lonlari joyiga chiqib ko‘zdan kechirilganda, tender g‘oliblari belgilanmasdan turib, qurilish ishlari boshlab yuborilganligi ma'lum bo‘lgan.

Xususan, Samarqand viloyati hokimligi injiniring kompaniyasi tomonidan 2021 yil 3 avgust kuni Kattaqo‘rg‘on shahar Davlat soliq inspeksiyasi binosi qurilishi bo‘yicha qiymati 5,5 milliard so‘mlik e'lon berilgan. Biroq qurilish ishlari e'londa ko‘rsatilgan muddatdan 3 oy oldin, may oyida boshlangan.

Shuningdek, Samarqand viloyat hokimligi injiniring kompaniyasi tomonidan umumiy qiymati 37 milliard so‘mlik Urgut tumanidagi 22-, 57-, 61-, 93-sonli, Ishtixon tumanidagi 8-, 41-sonli, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 54-sonli, Samarqand shahridagi 43-sonli maktab binolarini qurish va ta'mirlash ishlari bo‘yicha berilgan e'lonlar tender g‘oliblari belgilanmasdan turib, obektlarda qurilish va ta'mirlash ishlari boshlab yuborilgan.

Yuqoridagi noqonuniy holatlar oqibatida mazkur obektlardan chiqqan qurilish mollari tuman xalq ta'limi bo‘limiga kirim qilinmasdan, qurilish tashkiloti tomonidan ishlatilgan hamda mahalliy aholiga tarqatib yuborilgan.

Bundan tashqari, Samarqand viloyati Ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi tomonidan mebel va tibbiyot uskunalarini xarid qilish bo‘yicha jami qiymati 5,5 milliard so‘mlik 5 ta tanlov e'lonlari va o‘tkazilgan tanlov hujjatlari o‘rganilganda, ularda qonunbuzilish holatlari aniqlangan.

Samarqand viloyati Ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi tomonidan 4 ta lot bo‘yicha tibbiyot uskunalarini xarid qilish uchun e'lon berilgan. Mazkur tanlovlar hujjatlari o‘rganilganda, unda g‘olib bo‘lgan korxonalar, «Sam Med Torg», «Samarkand Eko Med», «Gamma Med», «Samarqand Ideal Pharm» MChJlarning ta'sischilari o‘zaro qarindoshligi ma'lum bo‘lgan.

Camarqand Iqtisodiyot va servis instituti tomonidan mebellar to‘plamini xarid qilish va ta'mirlash ishlarini amalga oshirish maqsadida jami qiymati 2 milliard 200 million so‘mlik 3 ta tanlov e'lon qilingan. O‘rganish natijasida ushbu holatlar bo‘yicha ham qonunbuzilishlar qayd etilgan. Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 5 fevraldagi 55-son qarori talablariga zid ravishda mazkur institut tomonidan bir turdagi xarajatlarga tegishli bo‘lgan ta'mirlash ishlari, ya'ni Iqtisodiyot fakultetining ikkinchi qavatini mukammal ta'mirlash bo‘yicha umumiy xarid hajmi ikki qismga bo‘linib tanlov e'lon qilingan.

Jomboy tumani hokimligi tomonidan hokimlikning ma'muriy binosini qurish bo‘yicha qiymati 400 million so‘mlik tanlov e'loni o‘rganilganda, tanlov g‘oliblari aniqlanmasdan turib, qurilish ishlari yakunlangani ma'lum bo‘lgan.

Ta'kidlanishicha, yuqorida ko‘rsatilgan holatlarda «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonuni va boshqa qonunchilik hujjatlari talablari buzilgan. Shunga ko‘ra, Agentlik tomonidan vazirlik va idoralarga davlat xaridlari bilan bog‘liq bo‘lgan mazkur lotlarni bekor qilish bo‘yicha taqdimnomalar kiritilib, to‘plangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun Bosh prokuraturaga yuborilgan.

Mavzuga oid
Top