12:13 / 17.09.2021
5165
Armaniston Ozarboyjon ustidan BMT sudiga shikoyat qildi

Armaniston BMTning Xalqaro sudiga Ozarboyjon ustidan shikoyat qilib, uni armanlarni irqiy kamsitishda ayblagan va Bokuni buning uchun javobgarlikka tortishni so‘ragan.

Armaniston fikricha, Ozarboyjon BMT Bosh assambleyasi tomonidan 1965 yilda qabul qilingan irqiy kamsitishning barcha turlarini bartaraf etish haqidagi xalqaro konvensiyani buzgan. Ta'kidlanishicha, “Ozarboyjon o‘nlab yillar davomida armanlarni irqiy kamsitib kelgan va u olib borayotgan adovat siyosati natijasida armanlar muntazam ravishda kamsitishlar, ommaviy qirg‘inlar, qiynoqlar va zo‘ravonlikning boshqa turlariga uchrab kelgan”.

Yerevanning ta'kidlashicha, 2020 yil sentyabrda Ozarboyjon Yerevan va Boku o‘rtasida Tog‘li Qorabog‘ uchun kechgan qurolli ixtilofda konvensiyani yana bir bor buzgan. “Jangovar harakatlar, o‘t ochish to‘xtagandan keyin ham Ozarboyjon arman harbiylarini o‘ldirishda, qiynashda va boshqa kamsitishlarda ishtirok etib kelmoqda”, deyilgan shikoyatda. 

“Armaniston Ozarboyjonni kelgusida yetkazishi mumkin bo‘lgan zararning oldini olish va yetkazgan zararni qoplash maqsadida konvensiyani buzgani uchun javobgarlikka tortishni so‘raydi”, deb aytilgan arizada.

Ta'kidlanishicha, arman millatiga mansub shaxslar fuqaroligidan qat'i nazar Ozarboyjon tomonidan kamsitishlarga uchramoqda.

Mavzuga oid
Top