16:11 / 17.09.2021
7853
Eron ShHTga qabul qilindi 

Bungacha Eron ShHTda kuzatuvchi davlat maqomida edi.

Foto: RIA Novosti / Anton Bystrov

Shanhay hamkorlik tashkilotiga a'zo mamlakatlar Eronning tashkilotga doimiy a'zo sifatida qabul qilinishi to‘g‘risidagi hujjatni ma'qulladi. Bu haqda Eron tashqi ishlar vaziri Amir Abdullaxiyon ma'lum qildi, deb xabar berdi RIA Novosti.

«Biz bugun Dushanbeda Eronning Shanhay hamkorlik tashkilotining doimiy a'zoligiga qabul qilinishi to‘g‘risidagi hujjat tashkilot yetakchilari tomonidan mamlakatimiz prezidenti ishtirokida ma'qullanganidan mamnunmiz. Mazkur strategik a'zolik qo‘shnichilik siyosati hamda Osiyodagi siyosat doirasida Eron bilan har tomonlama hamkorlikka muhim ta'sir ko‘rsatadi», — deya Abdullaxiyonning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda ISNA agentligi.

Juma kuni ShHTning Dushanbedagi sammitida Eronni tashkilotga qabul qilish jarayoni boshlandi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Eronning ShHTga qabul qilinishini qo‘llab-quvvatladi.

Bungacha Eron ShHTda kuzatuvchi davlat maqomida edi.

ShHTga 2001 yilda Xitoy, Rossiya, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston rahbarlari tomonidan asos solingan. Afg‘oniston, Belarus va Mongoliya ShHTda kuzatuvchi, Ozarboyjon, Armaniston, Kamboja, Nepal, Turkiya va Shri-Lanka hamkor davlat maqomiga ega.

Top