19:52 / 17.09.2021
6842

MSK saylovoldi tashviqotlarini olib borishi taqiqlangan davlat organlarini Saylov kodeksi talablari bo‘yicha qat'iy ogohlantirdi

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, Qurolli kuchlarning harbiy xizmatchilari, Davlat xavfsizlik xizmati va boshqa harbiylashtirilgan bo‘linmalar, sudyalar, saylov komissiyalari a'zolari va diniy tashkilotlar professional xizmatchilarining saylovoldi tashviqotini olib borishi taqiqlanadi.

Saylov kodeksida belgilangan bu tartib MSKning bugun, 17 sentabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida yana bir bor eslatildi.

«Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining:

  • O‘zbekiston Qurolli kuchlari harbiy xizmatchilarining, Davlat xavfsizlik xizmati, boshqa harbiylashtirilgan bo‘linmalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining, sudyalarning;
  • saylov komissiyalari a'zolarining;
  • diniy tashkilotlar professional xizmatchilarining saylovoldi tashviqotini olib borishi taqiqlanadi.
Bahrom Qo‘chqorov

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslariga o‘z mansab va xizmat mavqeyidan saylovoldi tashviqoti davrida har qanday siyosiy partiyaning yoki nomzodning foydasiga yoxud unga qarshi foydalanishi taqiqlanadi.

Davlat organlari saylovoldi targ‘ibot tadbirlarini olib borishda xolislikni ta'minlay olmaydi. Shuning uchun biz davlat organlarini bu qonunga qat'iy rioya qilishga chaqirib qolamiz. Agar shu kabi holatlar uchrasa Markaziy saylov komissiyasi bunga o‘z munosabatini bildiradi», – dedi MSK raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov.

Tadbir davomida mavzu yuzasidan Markaziy saylov komissiyasi a'zosi Sherzodxon Qudratxo‘ja ham o‘z munosabatini bildirdi.

Sherzodxon Qudratxo‘ja

Unga ko‘ra, hali saylovoldi targ‘ibot tadbirlari boshlanmagani uchun aytilgan fikrlar shunchaki da'vat hisoblanadi.

«Hali prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti tadbirlari boshlangani yo‘q. Shuning uchun bu faqat da'vat hisoblanadi. Bizda hali vaqt bor. Shu paytgacha bo‘lgan holatlarlarda ma'lum bir tashkilot rahbari balki o‘sha partiya a'zosi hisoblangandir yoki amaldagi prezidentni qo‘llab-quvvatlagandir. Lekin sust partiya ortidan kuchlisi ham zaxmat chekishi kerak emas», – deya Sherzodxon Qudratxo‘ja so‘zlarini keltirdi Kun.uz muxbiri.

Ma'lumot uchun, MSKning bugun o‘tkazilgan majlisi qarori bilan prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti 2021 yil 20 sentyabrdan boshlanishi belgilandi.

Mavzu
Saylov-2021
Saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra saylovlar oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilandi. 2021 yilgi prezidentlik saylovi 24 oktyabrga to‘g‘ri kelmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top