15:14 / 17.09.2021
5548
O‘zbekiston Afg‘onistonning xorij banklaridagi aktivlarini taqiqdan chiqarishni taklif qildi

O‘zbekiston prezidenti ShHT- Afg‘oniston shaklida yuqori darajadagi uchrashuvlarni muntazam o‘tkazib borish taklifini ilgari surdi.

 O‘zbekiston hukumati Afg‘onistonning xorij banklaridagi aktivlarini taqiqdan chiqarishni taklif qiladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ma'lum qildi, deb xabar bermoqda TASS.

"Gumanitar vaziyatni hisobga olib, Afg‘onistonning xorij banklaridagi hisoblarini taqiqdan chiqarish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif qilamiz", - dedi Mirziyoyev Shanhay hamkorlik tashkilotining Dushanbeda bo‘lib o‘tayotgan yubiley sammitida qilgan chiqishida.

O‘zbekiston prezidenti ushbu mamlakatda yuzaga kelgan vaziyat sababli ShHT- Afg‘oniston shaklida yuqori darajadagi uchrashuvlarni muntazam o‘tkazib borish taklifini ilgari surdi.

"Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish masalalarini keng muhokama qilish va sa'y-harakatlarni birlashtirish uchun kuzatuvchi-davlatlar va hamkorlarni jalb etgan holda ShHT-Afg‘oniston shaklida yuqori darajadagi uchrashuvlarni muntazam ravishda o‘tkazib borishni taklif qilamiz", - dedi O‘zbekiston prezidenti.

Xabarda aytilishicha, Shavkat Mirziyoyev bunday shakldagi ilk uchrashuv O‘zbekistonda o‘tkazilishiga tayyorligini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, 17 sentyabr kuni Dushanbeda Shanhay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar rahbarlari kengashining ShHT tashkil etilganligining 20 yilligiga bag‘ishlangan yubiley sammiti ochildi. 

15 avgust kuni Qo‘shma Shtatlar Afg‘oniston markaziy bankining AQShda saqlanayotgan aktivlarini muzlatib qo‘ygandi. Xalqaro valuta jamg‘armasi ma'lumotlariga ko‘ra, aprel oxirida Afg‘oniston markaziy bankining valuta zaxiralari 9,4 mlrd dollarni tashkil etgan.

BMTning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Debora Layonsning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistonning milliardlab dollarlik davlat zaxiralarining muzlatib qo‘yilishi jiddiy iqtisodiy inqirozga olib keladi.

Top