17:28 / 18.09.2021
15775
Elektr tarmog‘iga noqonuniy ulangan iste'molchilar qanday aniqlanishi ma'lum qilindi

Elektr energiyasiga noqonuniy ulangan iste'molchilar “aqlli” hisoblagichlarning markazlashgan tizimi orqali fosh etiladi. Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari” boshqaruv kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Jahongir Obidjonov ma'lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, aksiyadorlik jamiyatida noqonuniy elektr energiyasidan foydalanuvchilarni fosh etuvchi guruhlar mavjud. Bu guruh Elektr energiyasini hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi (EHOAT) orqali qayerda o‘g‘irlik bo‘layotgani, elektr tarmog‘ining qaysi qismida, qaysi podstansiyada, qaysi transformatorda katta yo‘qotishlar borligini ko‘rgach, joyiga chiqadi va o‘sha yerdagi noqonuniy ulanishlarni aniqlaydi.

“Bu guruh aynan elektr tarmog‘iga noqonuniy ulangan iste'molchilarni aniqlab, tegishli hujjatlarni rasmiylashtirgan holda ularga jarima qo‘llash yoki qonunbuzarlarni ma'muriy javobgarlikka tortish masalasi bilan shug‘ullanadi”, - dedi Jahongir Obidjonov.

Obidjonov guruhning shaffof ishlashini kim nazorat qiladi, degan savolga quyidagicha javob berdi.

“Tarmoqning biror joyida katta yo‘qotish aniqlanganini faqatgina yuqoridagi guruh ko‘rib turmaydi, balki Elektr energiyasini hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi bo‘limlari, dispetcherlar ham ko‘rib turadi. Har bir tumanda kichik EHOAT data markazi qurilgan, viloyatda ham xuddi shunday markaz bor. Qolaversa, respublika Data markazining ma'lumotlarni qayta ishlash bo‘limi ham kuzatib boradi.

Agar guruh joyiga chiqqach, elektr energiyasi bilan bog‘liq yo‘qotishlar barham topmasa, ushbu guruhga nisbatan chora ko‘riladi. Shunga binoan, guruh borgach, elektr energiyasini yetkazib berish tarmog‘ida o‘zgarish bo‘lishi kerak”, - dedi Obidjonov.

U, shuningdek, sohadagi qarzdorliklarni yo‘qotish va iste'molchilarni to‘lov intizomiga o‘rgatish hamda elektr energiyasi hisobini yuritishda shaffoflikni ta'minlash maqsadida “aqlli” hisoblagichlar barcha iste'molchilarni qamrab olgani, endilikda, elektr energiyasi uchun to‘lovlar faqatgina mobil ilovalar yoki bank shoxobchasi orqali amalga oshirilishini, to‘lovlarni qabul qilishda inson omili bartaraf etilganini bildirdi. 

“Aqlli” hisoblagichlar joriy qilinmasdan avval, elektr tarmoqlari inspektorlari korxonalarga, iste'molchilarning uylariga borib, ularni bezovta qilardi. Shu raqamlashtirish orqali inson omili degan narsa bartaraf etildi. Joylardagi korrupsiya hollarini yo‘qotish maqsad qilingan edi va bunga erishildi. Endilikda, elektr tarmoqlari xodimlari to‘lovni shaxsan olmaydi, balki to‘lov mobil ilovalar hamda banklar orqali amalga oshiriladi.

Tizimda elektr energiyasini yetkazib berishda ham raqamli texnologiyalarni qo‘llash loyihasi amalga oshirilmoqda. Bunda “aqlli” podstansiyalardan transformatorlarga bo‘lgan qismlarda, ya'ni podstansiyaga kirish-chiqishida, fiderlarda va taqsimlash punktlarida o‘lchov uskunalari va hisoblagichlar o‘rnatilmoqda. Buning yordamida qayerda yuklamalar, yo‘qotishlar kattaligini yoki avariya holatlaridan o‘z vaqtida ma'lumot olish mumkin bo‘ldi. Natijada aniqlangan kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf choralari ko‘riladi”, - dedi Jahongir Obidjonov. 

Mavzuga oid
Top