13:28 / 18.09.2021
3961
“O‘zbekneftgaz”: Boshqaruv raisi boshchiligidagi “ishchi guruh” Buxoroda tabiiy gaz qazib chiqarish ishlari holatini o‘rgandi

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi “Ishchi guruh” a'zolari Ustyurtdan Buxoro viloyatiga yo‘l oldi hamda Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida bo‘ldi.

Konlarda va quduqlarda gaz qazib chiqarishni ko‘paytirish hamda belgilangan chora-tadbirlar, amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha ishlarning bugungi holatini o‘rganish maqsadida Gazli regionida “Uchqir” konidagi shtabda boshqaruv raisi o‘rinbosari, departament boshliqlari, boshqarma direktori, o‘rinbosarlari, kon boshliqlari, mutaxassislar ishtirokida sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov tasdiqlagan “Yo‘l xaritasi”da ko‘rsatilgan, Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida yil oxirigacha rejalashtirilgan ishlarning ijrosi bo‘yicha boshqarma boshlig‘i Xislat Nazirov hisobot berdi.

“Yo‘l xaritasi”da belgilangan har bir tadbirning bajarilishi ko‘rib chiqildi. Tabiiy gaz qazib chiqarishni ko‘paytirish, ayniqsa, kuz-qish mavsumida aholi, sanoat tarmoqlarini tabiiy gaz yetkazib berish barqarorligini ta'minlash uchun quduqlarni burg‘ilash, kapital ta'mirlash va texnologik obektlarni ishga tushirish borasida olib borilayotgan ishlar ijrosi muhokama qilindi.

Yil yakuniga qadar belgilangan tadbirlarning amalga oshirilishi belgilandi va ularni tezlashtirish yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, mas'ullarga ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, Gazli boshqarmasiga qarashli kon boshliqlarining o‘tgan 8 oy mobaynida reja ko‘rsatkichlari bajarilishi bo‘yicha hisobotlari tinglandi, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, reja ko‘rsatkichlarining bajarilmasligi hamda uning sabablari tahlil qilindi.

Rejalashtirilgan chora-tadbirlar, loyihalar taqdimotlari ko‘rib chiqilib, mavjud muammoli masalalarni hal etish uchun zarur choralar ko‘rish bo‘yicha tegishli departament boshliqlari va boshqarma rahbariyatiga topshiriqlar berildi.

Boshqaruv raisi boshchiligidagi “Ishchi guruh” a'zolari Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli konlarda bo‘lib, tabiiy gaz qazib chiqarish, uning hajmini oshirish uchun bajarilayotgan yangi quduqlardagi burg‘ilash ishlari bilan yaqindan tanishib chiqdilar.

O‘rganish ishlari an'anaviy tarzda, qurilmalarda, gaz qazib chiqarish quduqlari, texnologik obektlarida mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarning salomatligi, yashashi, ovqatlanishi, ishlashi uchun yaratilgan sharoitlarni o‘rganish va ularni tekshirishdan boshlandi.

“O‘zbekneftgaz” AJning o‘z mablag‘lari hisobiga burg‘ilash ishlari olib borilayotgan “Qulbeshkak” konidagi 60-sonli quduq faoliyati o‘rganilib, quduqdagi burg‘ilash ishlarini muddatidan avval, ya'ni 7 kun mobaynida to‘liq yakunlash, quduqni ishlatish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Joylardagi rahbarlar, avvalo, o‘z ishchi-xodimlarining samarali ishlashi uchun belgilangan sharoitni yaratishi va doimiy tarzda uni nazorat qilib borishi bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.

Boshqaruv raisi eng avvalo ishchi-xodimlar nafaqat yaxshi ishlashi, ovqatlanishi, balki yaxshi ma'naviy hordiq olishi kerakligini ta'kidladi.

Shuningdek, kuz-qish mavsumida ishchi-xodimlarni doimiy ravishda material-texnik resurslar bilan ta'minlash lozimligi bo‘yicha “O‘zneftgaz burg‘ilash ishlari” korxonasi rahbari Ulfat Omonovga aniq ko‘rsatmalar berildi.

Gazli regionida konlar va maydonlarning qo‘shimcha imkoniyatlarini o‘rganish maqsadida geologiya-qidiruv ishlarini, shu jumladan, 3D seysmik-qidiruv ishlarini jadallashtirish va bu orqali “Uchqir”, “G‘arbi”, “Tayloq” va “Parsanko‘l” konlarining yangi imkoniyatlarini aniqlash vazifalari ham berildi.

O‘z navbatida, “To‘maris”, “Andaqli”, “Shorqum”, “Hazarbog‘”, “Sulaymontepa”, “Jayhun”, “Karomat”, “O‘rtaqum” va “Toshqala” kabi bir qator istiqbolli konlar hamda maydonlarda izlov-qidiruv burg‘ilash ishlarini jadallashtirish orqali uglevodorodlar zaxiralarini o‘stirishni ta'minlash bo‘yicha tegishli boshqarma va departament boshliqlariga topshiriqlar berildi.

Ishlab chiqarish prognoz ko‘rsatkichlarini ta'minlamagan kon boshliqlariga, shuningdek, o‘z mansab yo‘riqnomasi bo‘yicha ishlarni tashkil etmagan ayrim mas'ul rahbarlarga nisbatan intizomiy jazo choralari belgilandi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

Top