12:56 / 18.09.2021
6393
Toshkentda rentgen plyonkalarini 14 000 dollarga sotib yuborgan fuqaro ushlandi

Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida dori vositalari va tibbiyot buyumlarini noqonuniy muomalaga kiritilishi oldi olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Departament Shayxontohur tuman bo‘limi tomonidan DBQ va IIV xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro L.A. hech qanday hujjatlari bo‘lmagan tibbiy buyumlar turkumiga kiruvchi jami 20 000 dona rentgen plyonkalarini xaridorga 14 000 AQSh dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. 

Bundan tashqari, Departament hamda DXXning Shayxontohur tumani bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqarolar D.V., S.X. va I.J. kuchli ta'sir qiluvchi 100 dona “Regapen” nomli dori vositasini 2,5 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanib, ulardan jami 112 dona “Regapen” nomli dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish, shuningdek tarkibida kuchli ta'sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Top