17:39 / 19.09.2021
18511

2050 yilga borib 216 milliondan ortiq iqlim migrantlari paydo bo‘lishi mumkin – Jahon banki

 Jahon banki ma'lumotlariga ko‘ra, 2050 yilga kelib 216 mlndan ortiq odam iqlim o‘zgarishi sabab o‘z mamlakatlarini tark etishi mumkin. Xususan, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoda 5 mln iqlim migrantlari paydo bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Odamlar ko‘p sabablar: iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy omillarga ko‘ra o‘zlarining istiqomat qilayotgan makonlarini tashlab ketishga majbur bo‘lishgan. Hozirgi kunda esa iqlim o‘zgarishi sabab o‘z uylarini tashlab chiqib ketayotgan odamlar soni ortmoqda va bu tendensiya kelajakda yana ko‘payishi prognoz qilinmoqda.

Jahon banki ma'lumotlariga ko‘ra, 2050 yilga kelib 216 milliondan ortiq odam iqlim o‘zgarishi sabab o‘z mamlakatlarini tark etishi mumkin. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu davrga kelib, dunyoning olti mintaqasida, xususan, Tropik Afrikada 86 mln, Sharqiy Osiyo va Tinch okeani mintaqasida 49 mln, Janubiy Osiyoda 40 mln, Shimoliy Afrikada 19 mln, Lotin Amerikasida 17 mln hamda Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoda 5 mln iqlim migrantlari paydo bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Hisobotda qayd qilinishicha, ichki iqlim migratsiyasi kelgusi o‘n yilliklar mobaynida o‘sishi kutilmoqda. Asrning ikkinchi yarmida esa bu jarayon yanada tezlashadi. Agar mamlakatlar global issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirmasa va iqlim o‘zgarishining hozirgi va kelajakdagi ta'siriga yetarlicha qarshilik ko‘rsatmasa, 2030 yil boshida mamlakatlarda iqlim migratsiyasining «qaynoq nuqtalari» paydo bo‘ladi.

«Iqlim o‘zgarishi, ayniqsa, suv bosimining oshishi, ekin maydonlari hosildorligining pasayishi va bo‘ron tufayli dengiz sathining ko‘tarilishi kabi ta'sirlar natijasida odamlarda qiyinchilik yuzaga kela boshlaydi va ular ko‘chishga majbur bo‘lishlari mumkin. Ba'zi mamlakatlarda 2030 yil boshlarida iqlim migratsiyasining qaynoq nuqtalari paydo bo‘ladi, ular keyinchalik kuchayib va kengayib boraveradi», – deydi hisobotlarning ikki muallifi: Kanta Rigaud va Vivian Klement.

Issiqxonalardan chiqadigan gaz chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha qilinadigan shoshilinch sa'y-harakatlar ichki iqlim migratsiyasini 80 foizga kamaytirishi mumkin.

Markaziy Osiyo

Qayd etilishicha, Markaziy Osiyoda migrantlar oqimi Farg‘ona vodiysi va Shimoliy Qozog‘istonda ortishi mumkin. Bu jarayon ushbu hududlarda suv hajmi va ekin hosildorligi oshishi bilan izohlangan. Shuningdek, Qirg‘izistonning muhim qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan va tog‘li hududlarida ham suv tanqisligi kuzatiladi.

Mintaqada iqlim o‘zgarishi va suv resurslaridan foydalanish dolzarb ahamiyat kasb etadi. Xususan, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ekspertlarining oxirgi hisobotlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Turkmanistonda suv resurslaridan foydalanish darajasi tahlikali nuqtaga yetgan. Jumladan, O‘zbekiston o‘z suv zaxiralarining 169 foizidan, Turkmaniston esa 144 foizidan foydalanmoqda.

2018 yilda dunyoda chuchuk suv zaxiralarining 18,4 foizidan foydalanilgan. Biroq ayrim hududlar, masalan Markaziy Osiyoda suv iste'moli hajmi dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichlardan oshib ketgan.

Avvalroq, BMT mutaxassislari 100 dan ortiq davlatlarning iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha rejalarini o‘rganib chiqib, ularning aksariyati noto‘g‘ri yo‘nalishda ketayotgani haqida xulosaga kelganligi xabar qilingandi.

Top