18:14 / 19.09.2021
11248
Neft va gaz sohasida xizmatlar ko‘rsatilayotgan asosiy korxonalar ma'lum qilindi

“O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmatining xabar berishicha, joriy yilning sakkiz oyi davomida jamiyatning neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalari va gazni qayta ishlash zavodi sanoat tarmoqlarining 14 ta yo‘nalishi bo‘yicha o‘z xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda.

Mazkur davr ichida milliy valutada 689,2 mlrd so‘m, shu jumladan xorijiy valutada 22,7 mln dollarlik xizmatlar bajarilgan.

O‘tgan yilning mos davriga nisbatan taqqoslanganda o‘sish sur'ati milliy valutada 55 mlrd so‘mni (+31%), xorijiy valutada esa 2,3 mln dollarni (+13,5%) tashkil etdi.

Xo‘sh, neft va gaz bozorining asosiy ishtirokchisi kimlarga xizmat ko‘rsatmoqda? “O‘zbekneftgaz” AJ respublika hududida xorijiy kapital ishtirokida faoliyat yuritayotgan kompaniyalar hamda qo‘shma korxonalarga o‘zining asosiy xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda.

Ular qatoridan:

  • Rossiya Federatsiyasining “Lukoyl” korxonasi (22,7 mln dollarlik);
  • “O‘zbekneftgaz” AJ va Shveytsariyaning “Gas Project Development” hamda “Altmax Holding” korxonalari ishtirokidagi “Natural Gaz Strim” qo‘shma korxonasi (153,7 mlrd so‘mlik);
  • AQShning “Epsilon Development Kompani” xorijiy korxonasi (190,9 mlrd so‘mlik);
  • “Nyu Silk Road” o‘zbek-xitoy qo‘shma korxonasi (48,7 mlrd so‘mlik);
  • “Gissarneftegaz” MChJ qo‘shma korxonasi (16,2 mlrd so‘mlik);
  • “Jizzax Petroleum” qo‘shma korxonasi (21,4 mlrd so‘mlik);
  • “Ko‘kdumaloq-gaz” o‘zbek-shveysariya-britaniya qo‘shma korxonasi (7,4 mlrd so‘mlik) va boshqa korxonalar (5,2 mlrd so‘mlik ) o‘rin olgan.

 O‘tgan sakkiz oy davomida “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan ko‘rsatilgan jami xizmatlarning korxonalar kesimidagi ulushlari quyidagicha ko‘rinishga ega bo‘ldi:

  • Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga — 60,8 %;
  • Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga — 16,3%;
  • Muborak gazni qayta ishlash zavodiga —13,8%;
  • Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasiga — 9,3%.

Ko‘rsatilayotgan xizmatlar turi bo‘yicha esa tabiiy gazni qayta ishlash – 294,6 mlrd so‘m, suyultirilgan gaz, gaz kondensat va oltingugurt ishlab chiqarish – 98,2 mlrd so‘m, tabiiy gazni siqish (komprimirovaniye) – 108,9 mlrd so‘m, tabiiy gaz va gaz kondensatini tayyorlash – 82,8 mlrd so‘m, tashish xizmatlari – 62,6 mlrd so‘m hamda saqlash va yuklash – 35,8 mlrd so‘mni tashkil etdi.

2021 yilning yakuni bo‘yicha xizmat ko‘rsatish hajmlari 1,1 trln so‘mgacha yetkazilishi rejalashtirilmoqda, deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Top