11:11 / 20.09.2021
8626

Juma namozini masjid ichkarisida o‘qishga ruxsat berildi

Maxsus komissiya 24 sentyabrdan juma namozlari va boshqa namozlarni faqatgina masjidning ochiq sahnalarida o‘qish bo‘yicha cheklovni bekor qildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi juma namozlari faqat ochiq sahnalarda ado etilishiga oid cheklov bekor qilingani haqida xabar berdi.

«Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida mamlakatimizda karantin talablarini qisqartirish orqali aholiga madaniy va ma'naviy hordiq chiqarish hamda dam olishlarini mazmunli o‘tkazish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalasi atroflicha muhokama qilindi. 

Jumladan, Respublika maxsus komissiyasining majlisida O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2021 yil 24 sentyabrdan e'tiboran juma namozi va boshqa namozlar masjidlarning faqat ochiq sahnalarida ado etilishiga oid cheklovni bekor qilish to‘g‘risidagi taklifi ko‘rib chiqildi hamda ma'qullandi», deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda iyul oyi o‘rtalarida pandemiya yanada avj olishining oldini olish maqsadida juma namozlari vaqtincha to‘xtatilgandi.

13 avgustdan e'tiboran barcha ishchi va xodimlari koronavirusga qarshi emlangan masjidlarda juma namozlari o‘qilishiga ruxsat berilgan, lekin iyun oyidagi kunlik va juma namozlarini ochiq havoda tashkil etish bo‘yicha tavsiya saqlanib qolgandi.

Mavzuga oid
Top