18:02 / 20.09.2021
56053
Kattaqo‘rg‘onlik soliqchi o‘limida bir kishi ayblangandi. Jabrlanuvchilar shikoyatidan so‘ng o‘zgarish bo‘ldi

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida 9 iyundan 10 iyunga o‘tar kechasi soliq idorasi xodimi Azizbek Ahmedov yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan ushlangani va unga nisbatan majburan qiynoq qo‘llangani tufayli vafot etgani katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan edi.

Ayni kunlarda mazkur holat bo‘yicha tergov ishlari yakunlangan va ish sudga oshirilgan.

Marhumning qarindoshlari tergov natijalaridan qoniqmadi

31 avgust kuni marhum Azizbek Ahmedovning yaqinlari tergov xulosasidan norozi bo‘lib Kun.uz tahririyatiga kelishgan edi. Marhumning amakisi Isomiddin Jamolov, ukasi Asliddin Ahmedov, onasi Muhabbat Ahmedova va bevasi Sayyora Ahmedova marhumning o‘limiga sabab bo‘lgan vaziyatda YPXning 3 nafar xodimi bevosita ishtirok etgan bo‘lsa-da, ularning faqat bir nafari — Kattaqo‘rg‘on tuman yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmasi sobiq boshlig‘i, leytenant Mehriddin Qo‘chqorovga jinoyat ishi doirasida ayblov e'lon qilinganidan norozilik bildirishdi. Bunga dalil sifatida viloyat prokuraturasining javob xati ham ko‘rsatilgandi.

«Spark» mashinasi ichida soliqchining majburan qiynoqqa duchor etilishida bevosita ishtirok etgan kichik serjant Nodir Ismoilov va kichik serjant Shahboz Rahimberdiyev jazodan qutulib qolayotgani marhumning qarindoshlarini g‘azabga solgan. Bu borada yuqori turuvchi prokuratura organlariga qilgan murojaatlari samara bermaganini ta'kidlashgan edi.

Jinoyat ishida bir kishi ayblanib, ish sudga yuborilgani haqida jabrlanuvchilarga javob xati berilganidan 17 kun o‘tib, Bosh prokurorning matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov 16 sentyabr kuni Kun.uz’ga bergan ma'lumotida jinoyat ishi doirasida 2 kishiga ayb e'lon qilinganini bildirgan. Ish esa mazmunan ko‘rib chiqish uchun 14 sentyabr kuni sudga o‘tkazilgan.

Bundan jabrlanuvchilarning xavotirlari asosli bo‘lgan va ularning Bosh prokuraturaga yo‘llagan murojaatlari kor qilgan, degan xulosaga kelish mumkin.

«Qaychilangan» bodi-kamera tasvirlarining to‘lig‘i

Boz ustiga, ichki ishlar vazirligi tomonidan YPX xodimlaridan biriga tegishli bo‘lgan bodi-kameradan olingan tasvirlar qisqartirilib, marhum soliqchining zarariga montaj qilingan. 2ta bodi-kameraning tahririyatga taqdim etilgan to‘liq tasvirlarida «Spark» ichida nimalar sodir bo‘lganiga oydinlik kiritish mumkin.

PzPBQrkHsDkdm-HK8YduvSk6h50_g90y.jpg (1562×908)

Tasvirlarda Kattaqo‘rg‘on tuman yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmasi sobiq boshlig‘i, leytenant Mehriddin Qo‘chqorov o‘ziga tegishli «Spark» avtomashinasining orqa o‘rindig‘ida marhumning qo‘lini qayirib turgani, kichik serjant Nodir Ismoilov va kichik serjant Shahboz Rahimberdiyev esa Azizbek Ahmedovning boshi va oyog‘ini bosib turganini ko‘rish mumkin.

Tasvirlarning boshidan ma'lum bo‘lyaptiki, YPXning 4 nafar xodimi Azizbek Ahmedovning oshxonadan spirtli ichimlik iste'mol qilib yo‘lga chiqishidan avvaldan xabardor bo‘lishgan, uni chorrahada poylashgan. Chorrahani kesib o‘tgan «Cobalt» avtomashinasining iziga tushishgan va uni qisib to‘xtatishgan.

Ularning «baxtiga» marhum o‘z boshqaruvidagi mashinada chorrahani kesib o‘tishda ham qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan — svetoforning taqiqlovchi qizil chirog‘ida harakatlangan. Ichki ishlar vazirligi o‘zining eng birinchi munosabatida bodi-kameralardan olingan tasvirlarni olib, qirqib, montaj qilib tarqatishda mana shu holatga urg‘u bergan.

Tergov ishidan yana shular ma'lum bo‘lmoqdaki, YPX xodimlaridan biri — kichik serjant Nodir Ismoilov Azizbek Ahmedov soliq idorasida ishlaganidan xabardor bo‘lgan. Mash'um vaziyat ro‘y berayotgan chog‘da u holat tasvirini internetga olib chiqib, soliqchini sharmanda qilish haqida ham gapirgan.

Marhumning qarindoshlari ish qaytadan tergov qilinishini, jigarbandlarining o‘limiga sababchi bo‘lgan xodimlar ham jinoiy javobgarlikka tortilishini talab qilishayotgan edi. Endi sud o‘zining adolatli bahosini beradi.

Kattaqo‘rg‘on tuman Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmasi sobiq boshlig‘i, leytenant Mehriddin Qo‘chqorovga Jinoyat kodeksining 206-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismi, 102-moddasi (ehtiyotsizlik orqasida odam o‘ldirish) 1-qismi bilan ayblov e'lon qilingan.

Ikkinchi xodim kim ekanligi va unga nisbatan qaysi modda bo‘yicha ayblov e'lon qilingani aniq emas.

Kun.uz ushbu rezonansli voqeaning sud jarayonlaridan ham reportajlar qilishni rejalashtirgan. Voqealar rivojini birgalikda kuzatamiz.

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi: Jahongir Aliboyev

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top