17:34 / 20.09.2021
4548
Kun.uz “Mehr ulash” aksiyasi doirasida donorlik estafetasini qabul qilib oldi

Adliya vazirligi boshlab bergan “Mehr ulash” xayriya qon topshirish – donorlik aksiyasini Kun.uz qabul qilib oldi.

Jahon cog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga binoan, aholining qon va qon preparatlariga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish uchun har 1000 kishiga qon topshirishlar soni 30ta va undan ortiq bo‘lishi kerak.

Aholini qon komponentlari bilan ta'minlash uchun qon topshirishlar soni aholi soniga nisbatan har 1000 kishiga kamida 10tani yoki aholi soniga nisbatan 1 foizni tashkil etishi zarur.

Respublikada bu ko‘rsatkich 2020 yilda har 1000 aholiga 5,8ni (0,58 foiz) tashkil etdi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, respublikadagi bir kunlik qonga bo‘lgan talab 100 litrdan ko‘proqni tashkil etadi.

“Donorlar kamayib bormoqda, bemorlar hayoti uchun qon zarur”

“Hozirgi kunda donorlar soni kamayib borayotgani sababli “Mehr ulash” kabi xayriya qon quyish aksiyalarini o‘zimiz tashkil qilyapmiz. Kuniga tezkor jarrohlik operatsiyalari, tug‘uruq, avtohalokat va har xil favqulodda vaziyatlar bo‘ladi. Shunda bizga qon kerak bo‘ladi. Zaxiradagi qon miqdori bo‘lmasa, biz bemorga qon yetkazib bera olmaymiz. Donorlarning soni ko‘payib zaxiramiz oshishi kerak”, — deydi Respublika qon quyish markazi bo‘lim boshlig‘i Zulfiya Ismoilova.

Qon berishdan donorga qanday foyda?”

Zulfiya Ismoilova qon berishning foydalariga to‘xtalib o‘tdi.

“18 yoshga to‘lgan shaxslar qon topshirishi mumkin bo‘ladi, buning uchun avval “gemoglobin”ini ko‘ramiz. Hech qanday surunkali kasalligi bo‘lmagan sog‘lom insonlar donor bo‘ladi.  

Pandemiya paytida donor Covid-19 bilan kasallangan bo‘lsa, uning qon quyuqligi oshib boradi. Biz donor qonini olganimizdan keyin qon almashinish jarayoni yaxshilanadi, qon suyuqlashadi, qon aylanish tizimida o‘zgarishlar bo‘ladi. Yosharish kuzatiladi, chunki yangi qon hujayralari ishlab chiqariladi”, — dedi u.

Shuningdek, aksiya tashabbuskorlari bu ezgu tadbir jamoatchilik orasida qo‘llab-quvvatlanayotganini ma'lum qilishgan. “Ushbu xayrli aksiya bir qator davlat organlari va muassasalari, nodavlat-notijorat tashkilotlari, OAV va jamoatchilik vakillari tomonidan yaxshi kutib olinib, qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Xususan, Ichki ishlar vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Inson huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman),  "Yuksalish" umummilliy harakati,  “Kun.uz” internet nashri, ko‘plab blogerlar va bir guruh jurnalistlar ushbu aksiyani qo‘llab-quvvatlagan holda hayrixoh ekanligini bildirishdi” deyiladi Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

O‘z navbatida Kun.uz o‘zbekistonliklarni “Mehr ulash” xayriya qon topshirish aksiyasida faol bo‘lishga chaqiradi. Unutmang, sizning hissangiz boshqa bir insonning hayotini saqlab qolishi mumkin.

Jamoa bo‘lib donorlik aksiyasida ishtirok etishni xohlovchilar quyidagi raqamlarga bog‘lanishi mumkin:

+ 998-71-250-14-25 Respublika qon quyish markazi

+998-98-367-40-06 Zulfiya Ismoilova, Respublika qon quyish markazi bo‘lim boshlig‘i.

Top