21:37 / 20.09.2021
7316
Past Darg‘omning Juma buyum bozoridagi do‘kon sud qarori asosida buzilgan – MIB
Foto: Videodan kadr

Internetda IIB xodimi va fuqaro kiyimidagi erkaklar Past Darg‘om tumani Juma buyum bozoridagi do‘konni buzayotgani, ularga noma'lum ayollar qarshilik ko‘rsatayotgani aks etgan video tarqaldi. Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi hamda viloyat IIB boshqarmasi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

MIB axborot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, majburiy ijro harakatlari sud qaroriga ko‘ra amalga oshirilgan.

“Aytish kerakki, sud tomonidan qabul qilingan qarorlar kimningdir qonuniy manfaati uchun qabul qilinsa, boshqa taraflar bundan norozi bo‘lishi ham tabiiy.

Aynan sud qaroriga ko‘ra, noqonuniy deb topilgan bino, qurilmaning buzilishi yoki majburiy tartibda fuqarolarni chiqarish kabi majburiy ijro harakatlari MIB xodimlari uchun ham oson kechmaydi.

Yuqoridagi video xabar bo‘yicha tekshirish ishlari o‘tkazilganda, fuqarolik ishlari bo‘yicha Past Darg‘om tuman sudining 2020 yil 7 va 12 oktyabrdagi hamda 11 noyabrdagi qarorlariga asosan “Past Darg‘om buyum savdo” MChJning 13-1B-blok 2-qavatida joylashgan da'vogar F.R.ga tegishli savdo do‘konidan javobgarlar X.J., R.A. va Sh.P.larni majburiy tartibda chiqarish va ushbu joyda qurilgan (13-1B-blok 2-qavati) yengil konstruksiyali savdo do‘konlarini ularning hisobidan buzdirish belgilangani ma'lum bo‘ldi.

Shuningdek, ushbu sudning 14.12.2020 yildagi qaroriga asosan “Past Darg‘om buyum savdo” MChJning 13-1B-blok 2-qavatida joylashgan da'vogar Z.Q. ga tegishli savdo do‘konidan javobgar D.A.ni majburiy tartibda chiqarish va ushbu joyda qurilgan (13-1B-blok 2-qavati) yengil konstruksiyali savdo do‘konlarini ularning hisobidan buzdirish belgilangan.

Mazkur ijro hujjati yuzasidan Byuroning Past Darg‘om tuman bo‘limi tomonidan ijro hujjatida ko‘rsatilgan talablarni bajarish uchun javobgarlarga qonunda belgilangan 15 kunlik ixtiyoriy muddat berilgan.

Shundan so‘ng fuqarolik ishlari bo‘yicha Past Darg‘om tuman sudining 2021 yil 18 yanvardagi ajrimiga asosan ushbu ijro hujjatlari yuzasidan ijro harakatlari vaqtinchalik to‘xtatilgan. Keyinchalik, fuqarolik ishlari bo‘yicha Past Darg‘om tuman sudining 2021 yil 20 avgustdagi ajrim bilan yuqorida ko‘rsatilgan ijro hujjatlari bo‘yicha ijro harakatlarini davom ettirish belgilangan va ijroni ta'minlash yuzasidan majburiy ijro harakatlariga kirishilgan.

Byuroning Past Darg‘om tuman bo‘limi davlat ijrochilari tomonidan 2021 yil 8 sentyabrdagi ijro jarayonida tegishli idoralar manzilga yetib kelmaganligi sababli ijro harakatlari boshqa kunga qoldirilgan. Shundan so‘ng 2021 yil 15 sentyabrdagi majburiy ijro harakatlari davrida qarzdorlar X.J., R.A., D.A. va Sh.P. ko‘rsatilgan savdo do‘konlaridan majburiy tartibda chiqarilgan va noqonuniy qurilmalar buzdirilib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Bundan tashqari, hozirda MIBning Past Darg‘om tuman bo‘limi tomonidan ish yurituvdagi “Past Darg‘om buyum savdo” MChJning 13-1B-blok 2-qavatida joylashgan savdo do‘konlaridan chiqarish bilan bog‘liq boshqa ijro ishlari bo‘yicha ham majburiy ijro harakatlari davom ettirilmoqda”, deyiladi MIB tomonidan taqdim etilgan rasmiy munosabatda.

MIB axborot xizmatining qo‘shimcha qilishicha, ijro harakatlari davrida xodimlar tomonidan fuqarolarga nisbatan nojo‘ya xatti-harakatlar sodir etilganligi aniqlanmagan. Byuro ijro ishi yakuni haqida qo‘shimcha ma'lumot berilishini bildirgan.

Samarqand viloyati IIB axborot xizmati internetda tarqalgan videodagi IIB xodimlarining aralashuvini izohlar ekan, “IIB xodimlari har qanday ”snos“ ishlariga aralashmasligi, bu kabi holatlar sodir bo‘lgan joylarda ularning asosiy vazifasi jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta'minlashdan iborat” ekanini ta'kidlagan.

Top