10:59 / 20.09.2021
14991
To‘y va oilaviy marosimlarni o‘tkazish bo‘yicha cheklovlar yumshatildi

To‘y va oilaviy marosimlarni 100 kishidan ko‘p bo‘lmagan holda o‘tkazishga ruxsat berildi. Bungacha rasman 50 kishilik cheklov amalda edi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi to‘y va oilaviy marosimlarni o‘tkazishning yangi tartibi haqida xabar berdi.

«Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida mamlakatimizda karantin talablarini qisqartirish orqali aholiga madaniy va ma'naviy hordiq chiqarish hamda dam olishlarini mazmunli o‘tkazish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalasi atroflicha muhokama qilindi. 

Xususan, tegishli mutasaddi tashkilotlarning takliflarini inobatga olgan holda, to‘y va oilaviy marosimlarni o‘tkazish bo‘yicha ilgari belgilangan cheklovlar yumshatilib, shu yilning 20 sentyabridan to‘yxonalarda oilaviy tantana, to‘y, ma'raka va marosimlarni o‘tkazish 100 kishidan ko‘p bo‘lmagan hamda sanitariya va gigiyena talablariga qat'iy rioya etgan holda o‘tkazilishiga ruxsat berildi», deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning 1 aprelidan to‘yxonalarda oilaviy tantana, to‘y, ma'raka va marosimlarni o‘tkazish 100 kishidan ko‘p bo‘lmagan hamda sanitariya va gigiyena talablariga qat'iy rioya etgan holda o‘tkazilishi belgilangan edi.

Keyinroq, cheklovlar qat'iylashtirilib, 1 avgustdan to‘y va marosimlarda mehmonlar soni cheklanib, 50 kishidan ko‘p bo‘lmagan holda o‘tkazish belgilangandi.

Bundan avvalroq, tomosha, madaniy-ko‘ngilochar, ommaviy tadbirlar va yig‘ilishlarni ochiq maydonlar hamda yopiq majmualarda o‘tkazishga ruxsat berilgani xabar qilingandi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top