15:02 / 21.09.2021
20126

Turkmaniston prezidentining O‘zbekistonga tashrifi kutilyapti

Turkmaniston bilan birga “Tuyamo‘yin” gidrouzelining “Sulton Sanjar” dambasini mustahkamlash hisobiga 1 milliard kub metr qo‘shimcha suv zaxirasi yaratiladi.

“Rahmatli Musa Kamalovich [Yerniyazov] bilan vertolyotda uchib ko‘rardik, men sholidagi suv sarfidan norozi bo‘lardim. Hozir ham 5 barobar ko‘p sarflayapsizlar, kimga kerak bunaqa dehqonchilik?!

Shuning uchun, ko‘chat tayyorlashdan boshlab, qayta ishlashgacha bo‘lgan jarayonni to‘liq qamrab olgan klaster tizimi joriy qilinadi. Ushbu klasterlar lazer asosida tekislaydigan texnika bilan yerni tayyorlab, sholini to‘liq ko‘chat usulida ekish orqali bir yilda 2 marta hosil olishni yo‘lga qo‘yadi. Buning uchun, texnika va zamonaviy seyalkalarni lizing orqali berish, bunga subsidiya ajratish va imtiyozli kreditlar berishni ko‘paytiramiz. Buning natijasida, 650-700 million kub metr suv iqtisod qilinadi. 

Shu bilan birga, Nukus, Kegeyli, Chimboy, Qorao‘zak, Bo‘zatov, Mo‘ynoq tumanlaridan o‘tadigan “Kegeyli” hamda Shumanay, Qonliko‘l, Qo‘ng‘irot, Mo‘ynoq, Xo‘jayli tumanlaridan o‘tuvchi “Parallelniy” kanallarini betonlash, 16 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilishga 100 million dollar ajratiladi. Buning hisobiga, 80 ming gektar yerlarning suv ta'minoti va meliorativ holati yaxshilanadi. Bu ishlar yaqin kunlarda boshlanadi. 

Yaqinda do‘stimiz, hurmatli Gurbanguli Berdimuhamedov O‘zbekistonga tashrif buyuradi. Turkmanistonlik do‘stlarimiz bilan birga “Tuyamo‘yin” gidrouzelining “Sulton Sanjar” dambasini mustahkamlash hisobiga 1 milliard kub metr qo‘shimcha suv zaxirasi yaratiladi.

Umuman, Qoraqalpog‘istonda suvdan foydalanish samaradorligini oshirish orqali yiliga 2 milliard kub metr suv tejaladi. Bu bizga havodek zarur”, – deya prezident so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top