14:14 / 21.09.2021
6152

Ellikqal'a tumanidagi Aqchako‘l bo‘ylarida yana bir ijod uyi quramiz – Shavkat Mirziyoyev

Ellikqal'a tumanida, Aqchako‘l bo‘ylarida yana bir ijod uyi quriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston faollari bilan uchrashuvida aytib o‘tdi.

“Nukus shahrida qoraqalpoq adabiyotining so‘nmas yulduzi, O‘zbekiston Qahramoni Ibroyim Yusupov nomidagi ijod maktabi ochildi. Toshkent shahridagi muazzam Adiblar xiyobonida Berdaq, To‘lepbergen Qayipbergenov, Ibroyim Yusupov haykallarining o‘rnatilishi qoraqalpoq xalqiga, uning betakror adabiyoti va madaniyatiga yuksak ehtiromimiz ramzi bo‘ldi.

Kezi kelganda anchadan beri ko‘nglimga tugib yurgan bir ezgu reja haqida sizlar bilan maslahatlashib olmoqchiman. Xabaringiz bor, keyingi yillarda ijodkorlarimizga zarur sharoitlar yaratish maqsadida Toshkentdagi “Do‘rmon” ijod uyi qayta ta'mirlandi, Zomin va Parkent tumanlarida zamonaviy ijod maskanlari barpo etildi.

Ana shu ishlarni davom ettirib, Ellikqal'a tumanidagi xushmanzara Aqchako‘l bo‘ylarida yana bir ijod uyi qursak, nima deysizlar? Bu yerda qoraqalpoq elining tarixini tarannum etadigan, qoraqalpoq tili va adabiyotini yanada ravnaq toptirishga xizmat qiladigan yetuk badiiy asarlar yaratilishiga ishonaman.

O‘zbekistonning tashabbusiga asosan, shu yil oxirigacha YuNESKOning 2023 yilda qomusiy alloma, birinchi Renessans davrining buyuk namoyandasi Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligini dunyo miqyosida keng nishonlash haqida qarori qabul qilinishi kutilmoqda. Albatta, ushbu tarixiy sanani xalqimiz bilan birgalikda, ulug‘ ajdodimizning yuksak maqomiga munosib ravishda keng nishonlaymiz.  

Sizlarga ma'lumki, Mo‘ynoq tumani hududida Xo‘ja Ahmad Yassaviyning shogirdi, tasavvuf falsafasining yirik namoyandasi Sulaymon Boqirg‘oniy maqbarasi joylashgan. Xalq orasida “Hakim ota” nomi bilan shuhrat qozongan bu zot sodda va xalqona uslubda yozgan asarlari bilan turkiy adabiyot olamida alohida e'tirof etilgan. Kelgusi yili Sulaymon Boqirg‘oniy tavalludiga 900 yil to‘ladi. Ana shu muhim sanani munosib bayram qilib, shoir bobomizning maqbarasini obod qilsak, asarlarini chop etsak, har jihatdan o‘rinli bo‘ladi, albatta.

“O‘zbek bilan qoraqalpoq – et bilan tirnoq” degan gap ham ayni haqiqat. Xudoi taoloning o‘zi qoraqalpoq va o‘zbek xalqlarini taqdirdosh qilib yaratgan va bu bebaho boylikni ko‘z qorachig‘idek asrash – barchamizning burchimizdir” – deya Shavkat Mirziyoyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top