14:02 / 21.09.2021
5267

Esdalik pul belgilarini qanday xarid qilish mumkinligi aniqlashtirildi

Markaziy bank boshqaruvi qarori bilan O‘zbekiston Markaziy bankining esdalik pul belgilarini tayyorlash, sotish va qaytarib xarid qilib olish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Hujjat «Markaziy bank to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq qabul qilindi. Nizomga ko‘ra, esdalik pul belgilari muomaladagi banknotalar va tangalar kabi O‘zbekiston hududida nominal qiymatga ega naqd pul shaklidagi qonuniy to‘lov vositasi sifatida muomalada bo‘lishi mumkin.

Shuningdek ular nominal qiymatidan yuqori baholanuvchi numizmatika, kolleksiyalash, investitsiya va jamg‘arish obektlari sifatida muomalada bo‘lishi mumkin.

Esdalik pul belgilarini sotish va qaytarib xarid qilib olish narxlari OAVda hamda MBning rasmiy veb-saytida e'lon qilinadi. Shuningdek saytda muomalaga chiqariladigan esdalik pul belgilarini sotadigan va qaytarib xarid qilib oladigan MBning hududiy bosh boshqarmalari va tijorat bank filiallari (shoxobcha) to‘g‘risidagi ma'lumotlar e'lon qilinib boriladi.

Muomalaga chiqariladigan esdalik pul belgilarini tayyorlashda inson salomatligi uchun xavfsiz bo‘lgan xomashyolardan foydalaniladi. Ular shoxobchalar tomonidan bevosita jismoniy va yuridik shaxslarga sotiladi.

Qimmatbaho metallardan tayyorlangan esdalik pul belgilarini sotish narxi MB tomonidan har haftada kamida bir marta qimmatbaho metall narxi va MB Boshqaruvi tomonidan tasdiqlanadigan marjaga asosan belgilanadi.

Norezidentlar tomonidan respublika hududiga tashrif buyurmasdan esdalik pul belgilarini sotib olish onlayn tarzda (MBning yoki boshqa tegishli bankning rasmiy veb-sayti orqali murojaat qilish yo‘li bilan) amalga oshirilishi mumkin.

Qimmatbaho metallardan tayyorlanmagan esdalik pul belgilari shoxobchalar orqali muomaladagi pul belgilariga ayirboshlab berilishi mumkin.

Qimmatbaho metallardan tayyorlangan esdalik pul belgilarini qaytarib xarid qilib olish narxi ushbu esdalik pul belgilari topshirilgan kundagi qimmatbaho metall narxiga asosan MB tomonidan mazkur Nizomning talablariga muvofiq belgilanadi.

Esdalik pul belgilarini qaytarib xarid qilib olishda dalolatnoma uch nusxada tuziladi.

Dalolatnoma rasmiylashtirilgandan so‘ng yetti ish kunidan kechiktirmasdan qimmatbaho metallardan tayyorlangan esdalik pul belgilari MB mas'ul vakili tomonidan Asillik palatasiga texnik ekspertizadan o‘tkazish uchun taqdim qilinishi lozim.

MB Asillik palatasining texnik ekspertiza o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi dalolatnomasini olganidan so‘ng, esdalik pul belgilarini qaytarib xarid qilib olgan shoxobcha orqali uning egasi bilan hisob-kitoblarni 2 ish kunidan oshmagan muddatda amalga oshiradi.

Qimmatbaho metallardan tayyorlangan esdalik pul belgilari ularning texnik xususiyatlarini tasdiqlovchi asillik sertifikati bilan birga muomalaga chiqariladi.

Top