13:24 / 21.09.2021
10164

Nobel mukofoti sovrindori Aziz Sanjar Ipak yo‘li xalqaro turizm universitetiga keldi

Samarqand shahridagi Ipak yo‘li xalqaro turizm universitetida Nobel mukofoti sovrindori, AQSh milliy fanlar akademiyasi a'zosi Aziz Sanjar ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.

Biokimyogar olim Aziz Sanjarga Ipak yo‘li xalqaro turizm universitetining faxriy doktori unvoni berildi. Diplomni Bosh vazir o‘rinbosari — Turizm va sport vaziri, universitet rektori Aziz Abduhakimov topshirdi.

Universitetning birinchi kursiga qabul qilingan talabalarga nufuzli mehmon imzosi bilan sertifikat topshirildi. Unda talabalarga Nobel mukofoti sovrindorining dil so‘zlari keltirilgan bo‘lib, xususan yoshlarni talabalik bilan tabriklagan. Olim talabalarni professionallikka undab, ko‘p qirrali shaxs bo‘lish uchun dadil intilish, yutuqlar bilan to‘xtab qolmaslikka da'vat qilgan.

Shundan so‘ng Aziz Sanjar «Turk dunyosidagi bilim va milliy tiklanish» mavzusida ma'ruza qildi. Universitet jamoasi va yoshlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

Uchrashuvdan so‘ng Turizm va sport vaziri, universitet rektori Aziz Abduhakimov jurnalistlarga intervyu berdi. Vazir taniqli olimning universitet jamoasi bilan tanishuvi va unga faxriy doktor unvoni berilishi yosh olimlarga ham ijobiy ta'sir qilishini aytib o‘tdi. Umuman, universitet yosh olimlarini qo‘llab-quvvatlash borasida zarur chora-tadbirlar ko‘rilishi bildirildi.

Ma'lumot uchun, turk va amerikalik olim Aziz Sanjar 2015 yilda Nobel mukofotiga munosib ko‘rilgan. Uning 415ta ilmiy maqola va 33ta kitobi nashr etilgan. Olim saraton kasalligini davolashdagi o‘ziga xos yondashuvi sabab turli ilmiy mukofotlarga sazovor bo‘lgan. Ilmiy dunyodagi eng obro‘li ilmiy muassasalaridan biri – AQSh milliy fanlar akademiyasi a'zoligiga saylangan birinchi amerikalik turk olimi hisoblanadi. 2006 yilda Turkiya fanlar akademiyasi haqiqiy a'zosi etib saylangan.

Aziz Sanjar rafiqasi Gven Sanjar bilan birga AQShda tahsil olayotgan turkiyalik hamda turk dunyosidan kelgan talabalarga yordam berish maqsadida jamg‘arma tashkil etgan.

Mavzuga oid
Top