22:22 / 21.09.2021
20288
Pandemiya, demokratik islohotlar, Afg‘oniston va iqlim o‘zgarishi. Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasida chiqish qildi

O‘zbekiston prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasida muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida 21 sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasi doirasidagi umumiy munozaralar boshlandi. Unda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev videomurojaat bilan so‘zga chiqdi.

Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida yangi sharoitlarda Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashgan tuzilmalarining ahamiyati va o‘rni tobora ortib borayotganini qayd etdi.

«Bugun insoniyat o‘z taraqqiyot yo‘lining tub burilish davrini boshidan kechirmoqda, xalqaro munosabatlarning tabiati keskin o‘zgarmoqda.

Tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga transmilliy tahdidlar tobora kuchaymoqda, iqlim jadal o‘zgarmoqda, ommaviy migratsiya oqimlari ko‘paymoqda, an'anaviy qadriyatlar zavol topmoqda.

Ishonchim komilki, bunday murakkab sharoitda Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashgan tuzilmalarining dunyo miqyosidagi ahamiyati va o‘rni tobora ortib bormoqda.

Jahon taqdiri bilan bog‘liq ushbu muhim jarayonlarda aynan Birlashgan Millatlar Tashkiloti o‘zining yetakchilik rolini yangi mazmun va sifat bilan davom ettirishi zarur.

Biz Bosh kotibning xalqaro munosabatlar tizimida hamjihatlik va birdamlikni mustahkamlash, tashkilot faoliyatining samaradorligini va shaffofligini oshirishga qaratilgan  harakatlarini qo‘llab-quvvatlaymiz», dedi prezident.

Prezident BMTning “hech kimni e'tiborsiz qoldirmaslik”, degan tamoyil asosida vaksinalardan teng va adolatli foydalanish imkoniyatini yaratishga doir sa'y-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatladi.

«Bugun global ofatga aylangan COVID-19 pandemiyasi va uning nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy, balki ma'naviy-siyosiy oqibatlari diqqat markazimizda turibdi.

Biz Birlashgan Millatlar Tashkilotining “hech kimni e'tiborsiz qoldirmaslik, hamma uchun va barcha joyda”, degan tamoyil asosida vaksinalardan teng va adolatli foydalanish imkoniyatini yaratishga doir yondashuvini to‘liq ma'qullaymiz.

Fursatdan foydalanib, COVAX global platformasi doirasida bizga ko‘rsatilayotgan amaliy yordam uchun xorijiy hamkorlarimizga alohida tashakkur izhor etaman.

Biz pandemiyalarga qarshi samarali kurashda, vaksinatsiya natijalarini xalqaro miqyosda tan olish jarayonlarida Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining muvofiqlashtiruvchi rolini yanada kuchaytirish tarafdorimiz.

O‘zbekiston Respublikasining tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va Bosh Assambleyaning rasmiy hujjati sifatida tarqatilgan Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi Kodeks bizning bu boradagi amaliy hissamizdir», dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistondagi demokratik islohotlar ortga qaytmas tus olganini ta'kidladi.

«Mamlakatimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli va jadal demokratik islohotlar bugungi kunda ortga qaytmas tus oldi.

Inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash hamda himoya qilish demokratik islohotlarimizning asosini tashkil etmoqda. So‘z va ommaviy axborot vositalari, din va vijdon erkinligini, gender tenglikni, millatlararo totuvlikni ta'minlash borasida qat'iy qadamlar tashlanmoqda.

O‘zbekiston o‘z tarixida birinchi marta Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Kengashiga a'zo etib saylandi.

Biz boshlagan islohotlar yo‘limizni izchil davom ettirish maqsadida Yangi O‘zbekiston strategiyasini ishlab chiqdik. Ushbu Strategiyaning bosh g‘oyasi fuqarolik jamiyati institutlari rolini kuchaytirish, inson huquqlarini himoya qilish, kambag‘allikni kamaytirish, har bir kishini kafolatli daromad manbai bilan ta'minlash hamda barqaror ekologik rivojlanishga erishishdan iboratdir.

Asosiy maqsadimiz – 2030 yilga borib aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadlar miqdori bo‘yicha “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoriga kirishdir. Bu rejamiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2030 yilgacha bo‘lgan Barqaror rivojlanish maqsadlari ruhiga uyg‘un ekanini ta'kidlash lozim.

Shu ma'noda, pandemiyadan keyingi davrda jahon iqtisodiyotini qayta tiklash muammolarini o‘rganish, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni hayotga tatbiq etishga bag‘ishlangan  Xalqaro konferensiyani Toshkentda o‘tkazishni taklif etamiz.

Ma'lumki, global harakatlarga yoshlarni jalb etish bo‘yicha  Butunjahon konferensiyasi mamlakatimizda muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Ushbu yo‘nalishdagi qat'iy sa'y-harakatlarimizni izchil davom ettirish maqsadida O‘zbekistonda – qadimiy Samarqand shahrida muntazam o‘tkazilayotgan Inson huquqlari muloqotlari doirasida Global ta'lim forumini tashkil etamiz», dedi prezident.

O‘zbekiston rahbari Markaziy Osiyo mintaqasida yuzaga kelgan siyosiy vaziyatga ham to‘xtaldi. Prezident mintaqada o‘zaro hamjihatlik va hurmat, yaqin qo‘shnichilik va strategik sheriklik ruhidagi mutlaqo yangi siyosiy muhitini mustahkamlash borasidagi sa'y-harakatlar qat'iy davom ettirilishini ta'kidladi.

«Biz Markaziy Osiyo mintaqasida o‘zaro hamjihatlik va hurmat, yaqin qo‘shnichilik va strategik sheriklik ruhidagi mutlaqo yangi siyosiy muhitni mustahkamlab bormoqdamiz.

Bizning asosiy maqsadimiz – Markaziy Osiyoni farovon va barqaror rivojlanayotgan, ishonch va do‘stlik makoniga aylantirishdir. Buning uchun biz qo‘shni va yondosh mintaqalar bilan o‘zaro aloqalarni kuchaytirishga ustuvor ahamiyat qaratmoqdamiz.

Bu yo‘nalishda Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash to‘g‘risidagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifini ilgari surdik.

Afg‘oniston Markaziy Osiyoning uzviy qismi ekanini yana bir bor ta'kidlamoqchiman. Bu davlatda tinchlik va osoyishtalik o‘rnatilishidan nafaqat biz, qo‘shni mamlakatlar, balki butun dunyo manfaatdordir. Shu bois, biz afg‘on xalqiga hamisha qo‘ldan kelgan yordamni ko‘rsatmoqdamiz.

Yaqinda o‘zbek-afg‘on chegarasini ochib, ushbu mamlakatga birlamchi zarur bo‘lgan oziq-ovqat, neft mahsulotlari va elektr energiyasi yetkazib berishni qayta tikladik.

Hozirgi qiyin davrda Afg‘onistonni yakkalab, uni muammolar girdobiga tashlab qo‘yish mumkin emas. Ma'lumki, biz o‘tgan yili ushbu oliy minbardan turib, BMT huzurida Afg‘oniston bo‘yicha doimiy faoliyat yuritadigan qo‘mita tashkil etish taklifini bildirgan edik.

Afg‘on masalasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining ta'siri va ovozi har qachongidan ham kuchliroq yangrashi lozim.

Dunyoda xavf-xatar va ziddiyatlar, transmilliy tahdidlar tobora ortib borayotgani xalqaro hamkorlikni yanada kuchaytirishni taqozo qilmoqda.

Shu yil noyabr oyida Toshkentda BMTning Global aksilterror strategiyasi Markaziy Osiyo uchun rejasining o‘n yillik natijalari va istiqbollariga bag‘ishlangan Xalqaro konferensiya o‘tkazilishi ushbu ezgu maqsadlarga xizmat qilishi shubhasiz.

Mazkur tadbir doirasida BMTning giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi bilan 2022-2025 yillarga mo‘ljallangan Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun mintaqaviy dastur imzolanishi bu yo‘nalishdagi ishlarga katta zamin yaratadi.

Biz bu boradagi sa'y-harakatlarimizni  davom ettirgan holda, Birlashgan Millatlar Tashkilotining mazkur Boshqarmasi ishtirokida Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarini qamrab oladigan Giyohvandlikka qarshi umumiy Harakatlar rejasini ishlab chiqish niyatidamiz», dedi prezident.

Davlat rahbari O‘zbekiston tomonidan iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurash, atrof-muhit va bio xilma-xillikni muhofaza qilish, tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish masalalarida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga alohida to‘xtaldi.

«O‘zbekiston iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurash, atrof-muhit va bio xilma-xillikni muhofaza qilish masalalariga jiddiy e'tibor qaratib kelmoqda. Bu nafaqat bugungi, balki kelajak avlodlar oldidagi ezgu insoniy burchimizdir.

Fursatdan foydalanib, shu yil may oyida BMT Bosh Assambleyasining Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi, deb e'lon qilish to‘g‘risidagi  maxsus rezolyutsiyasi qabul qilingani uchun a'zo davlatlarga chuqur minnatdorchilik izhor etaman.

Biz Parij bitimining maqsadlariga erishishga qat'iy qaror qilganmiz. Qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirmoqdamiz.

Jumladan, 2030 yilga qadar iqtisodiyotimizning energiya samaradorligini 2 barobarga oshirish, qayta tiklanadigan energiya ulushini 25 foizga yetkazish, ekologik toza transportni rivojlantirish ko‘zda tutilmoqda. 2025 yilga qadar umumiy quvvati 2900 mega-vattga teng bo‘lgan yangi quyosh va shamol elektr stansiyalarini foydalanishga topshirish rejalashtirilmoqda.

Biz 2022 yilda Orolbo‘yi hududida, ya'ni Nukus shahrida  «yashil» energetika bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda yuqori darajadagi xalqaro Forum o‘tkazishni rejalashtirmoqdamiz. Bio xilma-xillik bo‘yicha Global hadli dasturning yaqin istiqbolda qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlaymiz.

Bundan tashqari, kelgusida Bio xilma-xillik Konvensiyasi ishtirokchilarining yig‘ilishlaridan birini mamlakatimizda qabul qilishga tayyormiz», dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Shu bilan bir qatorda BMT shafeligida global ekologik siyosatning ustuvor yo‘nalishlarini batafsil muhokama qilish maqsadida 2023 yilda O‘zbekistonda Atrof-muhit bo‘yicha BMTning yuqori darajadagi  Oltinchi Assambleyasini o‘tkazish taklif etildi.

«Shu bilan birga, Birlashgan Millatlar Tashkiloti shaf́yeligida global ekologik siyosatning ustuvor yo‘nalishlarini batafsil muhokama qilish maqsadida 2023 yili O‘zbekistonda Atrof-muhit bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuqori darajadagi Oltinchi Assambleyasini o‘tkazishni taklif qilamiz.

Assambleya ishtirokchilari Orol dengizining qurishi natijasida yuzaga kelgan ekologik ofat markazi bo‘lgan Orolbo‘yi mintaqasidagi og‘ir vaziyat bilan bevosita tanishish va zarur xulosalar chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Bundan tashqari, Assambleyada Birlashgan Millatlar Tashkilotining yangi ekologik siyosati asoslarini tashkil etishga qaratilgan Butunjahon ekologiya Xartiyasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surmoqchimiz», dedi prezident.

Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘zining yakunida O‘zbekiston dunyoning barcha davlatlari va global tashkilotlar bilan o‘zaro manfaatli, uzoq muddatli va ko‘pqirrali sheriklikni rivojlantirishga doimo tayyor ekanini ta'kidladi. Mamlakatimiz xavfsiz hamda barqaror o‘sish, farovon kelajakni barpo etishga qaratilgan yaqin hamkorlikni bundan keyin ham kuchaytirib boraverishi qayd etildi.

Top