14:57 / 21.09.2021
1562

Prezident Nukusda o‘tkazilgan baxshichilik festivali natijalariga to‘xtaldi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Bo‘zatovda saylovchilar bilan uchrashuv vaqtida bir paytlar Toshkentda qoraqalpoq madaniyati kunlari, Qoraqalpog‘istonda o‘zbek madaniyati kunlarini o‘tkazish an'anasi bo‘lganini esladi.

“Qoraqalpog‘iston zaminidan yetishib chiqqan juda ko‘plab taniqli olimlar, ijodkor va san'atkorlar o‘zlarining noyob iste'dodi bilan yurtimiz dovrug‘ini dunyoga yoyib kelishmoqda. Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatri, “Ayqulash” milliy folklor ansambli, Igor Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san'at muzeyi tom ma'noda O‘zbekiston san'atining faxri hisoblanadi.

Biz bundan buyon ham qoraqalpoq tili va adabiyotini rivojlantirishga, qoraqalpoq xalqining madaniyati va san'atini mamlakatimiz va jahonda keng targ‘ib qilishga alohida e'tibor qaratamiz.

Shu maqsadda, hozirgi paytda “Qoraqalpoq adabiyoti durdonalari” ko‘p jildlik to‘plami o‘zbek tilida nashr qilinmoqda.

Ayni vaqtda, butun dunyoda “Sahrodagi Luvr” deb shuhrat qozongan Savitskiy muzeyi bo‘yicha AQSh, Rossiya, Buyuk Britaniya, Fransiyaning yetakchi ilmiy-madaniy muassasalari bilan hamkorlikda maxsus tadqiqotlar amalga oshirilib, chet tillarda kitob va albomlar nashr qilinadi. Xorijdagi nufuzli madaniyat markazlarida uning ko‘rgazmalari tashkil etiladi.

O‘rni kelganda, yana muhim bir masalaga e'tiboringizni qaratmoqchiman. Bir paytlar Toshkentda qoraqalpoq madaniyati kunlari, Qoraqalpog‘istonda o‘zbek madaniyati kunlarini o‘tkazish an'anasi mavjud edi. Endilikda ana shu yaxshi an'anani qayta tiklab, qoraqalpoq san'atini nafaqat poytaxtimizda, balki viloyatlarimizda ham namoyish etsak, o‘ylaymanki, xalqimizning ko‘nglidagi ish bo‘ladi.  

Oddiy xalq orasidan yetishib chiqqan mohir baxshi-j́irovlar qoraqalpoq xalqining boy va betakror xalq og‘zaki ijodiyotini yuksak cho‘qqiga ko‘t́arganlar. Shuning uchun ham biz yaqinda ikkinchi Xalqaro baxshichilik festivalini aynan Qoraqalpog‘istonda o‘tkazdik.

Kuni kecha qoraqalpog‘istonlik iste'dodli jirov Jonibek Piyazov festivalning bosh sovrini – Gran-Pri mukofotiga, baxshi Gulbahor Aximbetova esa ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘lgani hammamizni quvontirdi. Qashqadaryo va surxondaryolik baxshilar “bu tanlovda ham jangag‘iday jutamiz” deb kelishgandi. Chunki ular asl usta, ko‘p yillik tajribaga egalar. Lekin hakamlar haqqoniy baho berishdi. Asl san'at g‘alaba qozondi”, – dedi prezident.

Top