15:22 / 21.09.2021
10536
«Toshkentdan Samarqandgacha 5 qator daraxt ekamiz» – Shavkat Mirziyoyev 

Nukus shahri atrofidagi “yashil belbog‘” maydoni yana 200 gektarga kengaytiriladi. Kelgusi besh yilda Orolning qurigan hududida yana 1 million gektar o‘rmonzor va butazorlar barpo etiladi. Shuningdek, shahar va tumanlar markazida jami 280 gektar, jumladan, Nukus shahrida 50 gektar maydonda jamoat parklari va yashil maydonlar tashkil etiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev ma'lum qildi.

“Yo‘l bo‘yi hududlari, mahallalar, korxonalar, ijtimoiy obektlar, dalalar atrofida har yili 15 million tup daraxt, jamoat joylarida manzarali butalar ekiladi.

Shuningdek, kelgusi besh yilda Qo‘ng‘irot, Mo‘ynoq, Beruniy, Ellikqal'a va Amudaryo tumanlarida jami 550 ming gektar hududda tabiiy qo‘riqxonalar, kelgusi yildan boshlab, 1 million gektar hududda Orolqum milliy tabiat bog‘i tashkil etiladi. Natijada, Qoraqalpog‘istonda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydoni 4 million gektarga yetkaziladi. 

Orolbo‘yi hududida sog‘liqni saqlash, ta'lim, ichimlik suvi ta'minoti, yoshlar tadbirkorligi, ayollar bandligi yo‘nalishlaridagi loyihalarni moliyalashtirish uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligidagi Trast jamg‘armasiga jami 1 milliard dollar grant va imtiyozli kreditlar jalb qilinadi.

Joriy yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan Orolbo‘yi mintaqasi “Ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi” deb e'lon qilindi. Shu munosabat bilan, qabul qilingan dasturimizga muvofiq, aniq loyihalarni moliyalashtirish uchun 2,5  trillion so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltiriladi.

Ekilgan ko‘chatlarning qurib qolishi faqat Qoraqalpog‘istonning emas, butun O‘zbekistonning muammosi. Biz ekamiz, lekin ko‘karib ketishiga e'tibor bermaymiz. Hozir yangi loyihani amalga oshiryapmiz – Toshkentdan Samarqandgacha 5 qator daraxt ekamiz. Har bir hududni aholiga bo‘lib beramiz va nazorat qilamiz. Misol uchun, daraxt 1 metr bo‘lsa buncha, 2 metr bo‘lsa buncha deb narx belgilaymiz va haq to‘laymiz.

Xuddi shunday tashabbusni Qoraqalpog‘iston rahbariyati ham Nukusdan Bo‘zatovgacha amalga oshirishi mumkin”, deya prezident so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top