09:36 / 21.09.2021
8894
Tramp migrantlar sababli AQSh uchinchi dunyo davlatiga aylanishi mumkinligini aytdi

AQSh migratsiya inqirozi sababli uchinchi dunyo davlatiga aylanishi mumkin. Bunday fikrni AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp bildirdi.

Foto: Reuters

“AQSh yaqinda uchinchi dunyo davlati deb hisoblana boshlanadi. Hozirda chegaralarimizda yuz berayotgan vaziyat avval hech qachon bo‘lmagan. Millionlab odamlar davlatimiz hududiga kirib bo‘ldi, biroq yanada ko‘proq odam u tomon oshiqmoqda”, deb aytgan Tramp.

AQShning sobiq prezidenti Texas shtatidagi Del-Rio chegaraoldi shahrida minglab haitilik muhojirlar lager o‘rnatib, AQShga kiritilishini talab qilayotganiga shunday munosabat bildirgan.

Fox News telekanalining xabar berishicha, 17 sentyabrda AQSh chegara xizmati Del-Riodagi nazorat-o‘tkazish punktini muhojirlar oqimi sababli vaqtincha yopgan. U yerdagi lagerda 10 ming haitilik muhojir to‘plangan. Ma'lumotlarga ko‘ra, oxirgi 11 oy davomida AQShga 29 ming haitilik kelgan. 

Haitida yozdan beri mamlakatdagi murakkab siyosiy vaziyat sababli norozilik namoyishlari davom etib kelmoqda. Iyulda mamlakat prezidenti Jovenel Moiz o‘ldirilgandi. Ushbu voqeadan keyin Haiti rahbariyati infratuzilma obektlarini namoyishchilardan himoyalash uchun AQShdan mamlakatga qo‘shin jo‘natishni so‘ragan. Biroq AQSh prezidenti Jo Bayden Haitiga AQSh elchixonasini himoyalash uchun cheklangan miqdorda harbiylar jo‘natilishini aytgan.

Top