23:57 / 22.09.2021
19555

Dunyodagi vaziyat: lamalar Covid-19ga qarshi va Uhan bo‘yicha yangi gumonlar

Britaniyalik olimlar koronavirusni lamada aniqlangan nanotana bilan davolash mumkin deb hisoblashmoqda, Xitoyda ko‘rshapalaklar 2018 yildayoq virusdan zararlangan bo‘lishi mumkin, Valentino dizaynerlik uyi "emlanganlar" uchun 700 dollarlik hudi taklif etmoqda. BBC koronavirus pandemiyasiga oid so‘nggi ma'lumotlarni keltiradi.

19 sentyabrgacha bir hafta muddatda dunyoda Covid-19ga chalinish bilan bog‘liq yangi holatlar soni 3,8 milliontani tashkil etdi. Bu nisbatan past ko‘rsatkich: infeksiya tarqalishining so‘nggi pik davrida, may oyining ikkinchi haftasida butun dunyo bo‘ylab 5,7 mln nafarga yaqin kishida virus aniqlangandi. So‘nggi oylarda haftalik ko‘rsatkichlar goh yuqorilamoqda, goh pasaymoqda, hozir esa dunyoda pasayish tendensiyasi kuzatilmoqda.

O‘tgan hafta ichida ushbu kasallikdan yana 62 ming kishi vafot etdi. Ayni vaqtga kelib dunyo bo‘yicha vaksinaning kamida bir dozasini qabul qilganlar soni qariyb olti milliard kishiga yetgan.

AQSh hozir ham koronavirus qurbonlari soni bo‘yicha birinchi (676 ming), undan keyin Braziliya (590 ming), Hindiston (445 ming), Meksika (271 ming) va Rossiya (199 ming) bormoqda.

AQSh yana 500 mln doza vaksina xayriya qiladi

AQSh rivojlanayotgan davlatlar uchun Pfizer vaksinasidan yana yarim milliard doza yuborishni va'da qilmoqda. Prezident Jo Bayden bu haqda chorshanba kuni koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashga bag‘ishlangan virtual sammit vaqtida rasman e'lon qilishi kutilmoqda.

Bu katta miqdor, ammo BBC korrespendenti Stefani Hegartining qayd etishicha, aholisining 2 foizi ham emlanmagan davlatlar bunga ishonqiramay qarashmoqda. 

AQSh avvalroq muhtoj davlatlarga 580 mln doza vaksina ajratgan, ammo shundan faqat 140 mln doza yetkazib berilgandi.

Butun dunyo bo‘ylab vaksinalarni taqsimlash bilan shug‘ullanuvchi Covax dasturi ma'lumotlariga ko‘ra, preparatlarning ko‘plab partiyalari kam miqdorlarda va so‘nggi daqiqalarda kelgan: yaroqlilik muddati tugashiga kam vaqt qolgan va ularni qo‘llashga hamma ham ulgurmasdi.

O‘shandan keyin nima o‘zgardi? Ekspertlarning baholariga ko‘ra, so‘nggi oylarda vaksin ishlab chiqarish hajmi o‘sgan va yil oxiriga qadar rivojlangan davlatlarda 1,2 mlrd dozalik zaxira jamg‘ariladi. Lekin o‘z vaqtida qo‘llanmasa, shuning 241 mln dozasini shunchaki tashlab yuborishga to‘g‘ri keladi. Mutaxassislar yaroqlilik muddati tezroq tugaydigan vaksinalarni imkon qadar ertaroq qashshoq mamlakatlarga yuborish kerakligini aytishmoqda.

Ekspertlarning baholariga ko‘ra, sayyora aholisining 70 foizini emlash uchun 11 mlrd doza vaksina zarur bo‘ladi. JSST 2021 yil oxiriga qadar har bir mamlakatda aholining kamida 40 foizi emlanishini maqsad qilgan.

Lama Fifi koronavirusga qarshi

Britaniyalik olimlarning navbatdagi tadqiqotlari shuni ko‘rsatmoqdaki, lama organizmida aniqlangan kichik antitanachalar (nanotanalar) koronavirusga qarshi davolashda samarali bo‘lishi mumkin.

Bu nanotanalarni laboratoriya sharoitlarida ko‘paytirish mumkin. Ular ham xuddi inson organizmidagi antitanalar kabi ishlaydi: virus va bakteriyalarga birikkan holda, organizmning immun javobi uchun marker vazifasini o‘taydi. Olimlarning so‘zlariga ko‘ra, nanotanalar ayniqsa patogenlarga (kasallik qo‘zg‘atuvchilar) mahkam birikadi.

Rozalind Franklin universiteti (Illinoys shtati)dan bo‘lgan professor Jyeyms Neysmit yangi tadqiqot natijalarini juda umidbaxsh va istiqbolli deb hisoblaydi, uning ma'lum qilishicha, laboratoriyada virus yuqtirilgan kalamush yangi preparat orqali olti kun ichida to‘liq tuzalgan. Ammo u hozircha odamlarda sinab ko‘rilmadi.

Nanotananing ilk namunasi universitetdagi Fifi laqabli lamadan olingan. Tadqiqotchilar lama tanasiga unda immun reaksiya qo‘zg‘atish uchun koronavirus oqsiliga o‘xshash oqsil namunasini kiritishgan.

Uhan olimlarida ko‘rshapalaklarni koronavirus bilan zararlash rejasi bo‘lganmi?

Drastic Research tadqiqotchilari guruhi 2018 yilgi hujjatlarni topishgani, unga ko‘ra Uhandan bo‘lgan olimlar ko‘rshapalaklarga koronavirus yuqtirish tajribasi bilan davlat granti olish bo‘yicha murojaat qilishgani ma'lum bo‘lganini aytishmoqda.

Tashkilot saytida keltirilishicha, Drastic - olim-ekspertlarning mustaqil jamoasi bo‘lib, uning tarkibidagilarning aksar qismi anonim ishlaydi.

Ularning qo‘liga kelib tushgan hujjatlar shuni ko‘rsatadiki, rasman pandemiya boshlanishidan 18 oy oldin olimlar Yunnan provinsiyasidagi ko‘rshapalaklar yashovchi g‘orlarga koronavirus turkumidagi «yangi gibrid virus oqsillari»ni o‘z ichiga olgan nanoparchalar bilan ishlov berishni taklif etishgan.

Bu tajribadan maqsad ko‘rshapalaklarda yangi koronaviruslarga qarshi immunitet hosil qilish va bu orqali keyinroq bunday viruslar odamlar orasida tarqalishining oldini olishga qaratilgandi.

Nashrning yozishicha, mutaxassislar koronavirusni shunday o‘zgartirmoqchi bo‘lganki, natijada u nazariy jihatdan olib qaraganda, inson organizmiga osonroq moslashgan bo‘lardi. Tadqiqotda koronavirusning xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan tabiiy shtammlarini yanada yuqumliroq, ammo xavflilik darajasi kamroq navlar bilan aralashtirish rejalari bo‘lgan.

Qizig‘i shundaki, tender uchun murojaat mualliflari xitoylik olimlar emas, balki Amerikaning Uhan instituti bilan yaqindan hamkorlik qiluvchi EcoHealth Alliance kompaniyasi xodimi bo‘lgan britaniyalik zoolog Piter Datsak edi. Bu tajribani amalga oshirish uchun yig‘ilgan olimlar jamoasi tarkibida institutning ko‘rshapalaklar bo‘yicha mutaxassis bo‘lgan xodimi, shuningdek, bir qancha amerikalik olimlar bo‘lishgan.

Bu hujjatlar haqiqiyligini koronavirus inson qo‘li bilan yaratilgani haqidagi nazariyaning ashaddiy tarafdori bo‘lgan Donald Tramp administratsiyasining sobiq xodimi tasdiqlagan. Drastic jamoasi avval ham bu nazariya foydasiga talqin qilinishi mumkin bo‘lgan dalillarni topishga uringan.

Masalan, o‘tgan yili ekspertlar 2013 yilda g‘orda ishlagan bir odamda SARS virusi (Covid-19 ham shu toifaga mansub) aniqlangani haqidagi ochiq manbalardagi ma'lumotni yodga olishgandi. 

Drastic ilmiy hamjamiyatni virus odamlarga ataylab yuqtirilgani ehtimolini sinchiklab o‘rganishga undamoqda, chunki ulardagi hujjatlarga ko‘ra, odamlar nazorat ostida bo‘lgan sharoitda virus bilan zararlangan.

JSSTdagilar esa hozircha virus inson qo‘li bilan yaratilgani haqidagi nazariyani ishonchsiz deb hisoblashadi.

Valentino’dan hudi: qimmat va faqat emlanganlar uchun

Valentino modalar uyi vaksina qabul qilganlar uchun tolstovka (belbog‘li, uzun va keng erkakcha ko‘ylak) modelini taqdim etdi. Bu liboslar sotuvidan tushgan mablag‘lar Covax dasturi orqali qashshoq mamlakatlarga vaksina yetkazib berishi uchun UNICEF’ga ajratiladi.

Qizil rangda "(V) Vaccinated" yozuvi tushirilgan qora xudi dastlab Los-Anjyelesdagi Cloney kompaniyasi tomonidan o‘ylab topilgan.

Valentino uyi modeleri Perpaolo Pichcholi xudini ko‘rib qolgan va besh dona kiyimdan iborat birinchi partiyani to‘liq sotib olib, do‘stlariga tarqatgan.

Endi tolstovka Valentino saytida ham sotilmoqda.

"Emlanish pandemiyaga qarshi kurashning va ijtimoiy mas'uliyatni ifodalashning eng yaxshi vositasidir", deydi Pichcholi.

Jahonda yana nima gaplar:

Rossiya Rospotrebnadzori rahbari Anna Popova mamlakatda 40 million kishi COVID-19ga qarshi to‘la emlanganini ma'lum qildi, shuningdek, Rossiyaning "Sputnik" vaksinalari samaradorligi tasdiqlanayotgani bildirildi. Mamlakatda kasallanish holatlari yana o‘sa boshlagan, so‘nggi ikki oydagi eng yuqori ko‘rsatkich shu haftada qayd etildi. Kunlik holatlar soni 20 ming atrofida.
Germaniya niqob tufayli ro‘y bergan qotillikdan larzaga tushdi. Dam olish kunlarida yonilg‘i quyish shoxobchasida pivo sotib olmoqchi bo‘lgan xaridor 20 yoshli sotuvchini niqob taqishdan bosh tortgani uchun otib tashladi.
Johnson & Johnson vaksinasini ikki dozada qo‘llagan ma'qul ekani aytildi. Shu vaqtgacha bu vaksina bir doza qo‘llanayotgandi, ammo bugungi kunga kelib kompaniyadagilar ikki marta emlash natijasi yaxshiroq bo‘lishini tan olishdi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top